Mamlakatimizda 210 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan. 299,9 gektar yer maydoni va 5 ming 800 kvadrat metr bino va inshootda 2 ming 272 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ishga tushirilgan qiymati 2,1 trillion so‘mlik 911 loyiha asosida 21 ming 589 ish o‘rni yaratilgan.
Bu borada Andijon va Farg‘ona viloyatlarida vaziyat qanday? Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida shu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Andijon viloyatida 19 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida umumiy qiymati 437,2 milliard so‘mlik 479 loyiha ishga tushirilib, 7 ming 152 yangi ish o‘rni yaratilgan.
Farg‘ona viloyatida esa 24 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida umumiy qiymati 149,6 milliard so‘mlik 60 loyiha ishga tushirilib, 1 ming 250 yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
Yosh tadbirkorlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan Andijonda 34,6 milliard so‘m, Farg‘onada 2,1 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan.
Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalarga e’tibor qaratildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlarida tashkil qilinishi lozim. Ayrim tumanlarda esa bunday iqtisodiy hududlar sug‘oriladigan yer maydonlarida joylashgan bo‘lib, ularning yer toifasini o‘zgartirish, bosh rejasini tasdiqlash va kadastr hujjatlari bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Respublika bo‘ylab infratuzilma ob’ektlari uchun 2023 yilda 125,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, ayni paytda faqat 8,2 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan, xolos. Oqibatda hududlardagi Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi infratuzilma ob’ektlaridagi qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Bundan tashqari, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida yer va bino-inshoot munosabatlarini tartibga solish, shu jumladan, ularni xususiylashtirish masalalari bo‘yicha me’yoriy hujjat qabul qilinmagan.
Ayrim Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga avvaldan faoliyat yuritib kelayotgan yirik tadbirkorlik sub’ektlari joylashtirilgani ham aniqlangan. Aslida esa yoshlar sanoat zonalari aynan o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ularning sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi “startap” loyihalari, tashabbuslari va g‘oyalarining amalga oshirilishida ko‘maklashish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil qilingan.
Majlisda yoshlar tadbirkorligiga oid masala tanqidiy tahlil qilinishi bilan bir qatorda Senat yalpi majlisida muhokama etiladigan qonunlar ham dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng kun tartibidagi masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA