Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan choralar vaqtida bajarilmayapti
11:23 / 2023-05-27

Transport vositalari soni ko‘paygani, yirik shaharlarda yangi avtomobil yo‘llarini qurish imkoniyati cheklangani, svetofor orqali transport oqimini boshqarishning yagona aqlli avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq joriy etilmagani sababli yo‘llarda tirbandliklar vujudga kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining «2022–2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida«gi qaroriga ko‘ra yo‘llarning  o‘tkazuvchanligini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga 2023 yilda jami 707 ta transport va 298 ta piyodalar svetoforini o‘rnatish hamda 404 ta svetoforni (348 ta transport, 56 ta piyoda) rekonstruksiya qilish belgilangan.

Biroq, dasturda ko‘zda tutilgan ayrim vazifalar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan. Xususan, 26 ta vazifa ijrosi belgilangan muddatda amalga oshirilmagan.

Aynan shunday kamchiliklar oqibatida 2022 yilda mamlakatimizda 9 ming 902 yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan hamda ularda 9 ming 606 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 356 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

2023 yilning 4 oyi davomida esa 2 ming 144 yo‘l-transport hodisasida 499 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.

Oliy Majlis Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi.  

Prezidentimizning 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti eshitildi.

Mavjud avtomobil yo‘llari infratuzilmasi kompleks takomillashtirilib, avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimi raqamlashtirilayotgani qayd etildi.  

Belgilangan vazifalarning 21 tasi ijro qilingan, 6 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

– O‘tkazilgan o‘rganishlar tahlili ijro jarayonida  ayrim kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasida yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ushbu sohada raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha yetarli ishlar amalga oshirilmagan. Oqibatda bunday texnik vositalarning sifati pastligicha qolmoqda.

Tahlillar avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularni saqlashda hamon bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatgan.  

Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy viloyatlarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi foto va video moslamalarni (kameralar) o‘rnatish, ularni viloyat va respublika monitoring markazlariga integratsiya qilish, yirik bozorlar atrofida ko‘p qavatli yoki yer osti avtoturargohlari hamda avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtab turish joylarini tashkil etish kabi topshiriqlar ijro etilmagan.

Yo‘l harakati qoidalari aholi o‘rtasida hanuzgacha ta’sirchan va samarali targ‘ib qilinmaydi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning bu boradagi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan materiallar yetarli darajada berilmayapti.

Tegishli oliy o‘quv yurtlarini bitirgan bakalavr va magistrlarni yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ishga qabul qilishning zamonaviy, shaffof va samarali tizimi to‘liq joriy etilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.  

Xususan, tegishli hujjatlar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining mutasaddilari faoliyatiga baho berish masalasini ko‘rib chiqish zarur. Hududiy komissiyalar mas’uliyatini kuchaytirish, ular tomonidan har oyda yo‘llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, qoidabuzarliklarning tahlilidan kelib chiqib, harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish kerak.  

Tahlillarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiq.

Senatorlar, hududlardagi doimiy komissiyalar raislari, ekspertlar, Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Ichki ishlar, Transport vazirliklari hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar rahbar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda tegishli qaror qabul qilindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA