Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, ya’ni yo‘llarda turli qoidabuzarliklar sodir etilishi, insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish holatlarning oldini olish dolzarb masala hisoblanadi.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi qonun bilan joriy etilayotgan yangi qoidalar sohadagi ishlarni yaxshilashga qaratilgan.
– Har birimiz haydovchi yoki yo‘lovchi yoxud piyoda sifatida yo‘l harakati ishtirokchisi hisoblanamiz, – dedi qonun yuzasidan munosabat bildirgan Senat raisi T.Norboyeva. – Afsuski, yo‘l harakati bilan bog‘liq muammolarga deyarli har kuni duch kelayapmiz. Yo‘l harakati masalasi nafaqat mamlakatimizda, balki global miqyosda allaqachon eng dolzarb muammolardan biriga aylangan. Yo‘llardagi tirbandliklar borgan sari kundalik holga aylanib bormoqda. Afsuski, deyarli har kuni mudhish yo‘l-transport hodisalari haqida xabar topayapmiz. Eng achinarlisi, bunda insonlar, ayniqsa, bolalar nobud bo‘layotgani. Shulardan kelib chiqsak, sohaga oid qonunlar zaruratini hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Mazkur yangi qonunda mas’ul davlat organlarining vakolatlari kengaytirilmoqda. Korxona, tashkilot, muassasalar va e’tiborlisi, fuqarolarning ham yo‘l harakati sohasidagi tadbirlarni amalga oshirishdagi ishtiroki belgilab berilmoqda. Muhimi, sohada samarali jamoatchilik nazorati ta’minlanishi nazarda tutilmoqda. Umuman aytganda, yo‘l harakati sohasi barchamizning birgalikdagi ishimizga aylanmoqda va bu ish qonunni aniq tushunib, unga qat’iy amal qilishdan boshlanishi kerak.
Majlisda qayd etilganidek, qonun bilan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari, transport vositalari egalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida moddalar bilan belgilanmoqda.
Qonunga ko‘ra, yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash yoki ta’mirlash bo‘yicha ishlar bajarilayotganda yo‘lning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining ko‘pi bilan 50 foizi o‘tish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin. Bunga zarurat tug‘ilganda esa yo‘lda aylanib o‘tish ta’minlanishi kerak.
Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda to‘xtab turish joylarini qurishga oid tartib belgilanmoqda. Elektr dvigatelda ishlaydigan transport vositalari uchun alohida joylar ajratilishi va bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi zarur.
[gallery-14247]
Qonunda transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi normalar hamda haydovchilarni tayyorlashga doir talablar belgilanayotgani, transport vositalarini boshqarish huquqi qaysi hollarda bekor qilinishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
– Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘llarimizdagi harakat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat ancha ayanchli ahvolda ekani yana bir bor ta’kidlab o‘tildi, – dedi Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l-transport hodisalarining oqibatida o‘lim va jarohatlanish holatlari ko‘plab yoritilayotgani, tegishli rahbarlar bunga loqayd bo‘lib o‘tirgani jiddiy tanqid qilindi. Prezidentimiz tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga jamoat transportini rivojlantirish, svetoforlarni o‘rnatish, tirbandlikning oldini olish, poytaxt ko‘chalari va hududlardagi yo‘llarni tartibga solish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishni topshirdi. 2024 yil bu borada jiddiy o‘zgarishlar yili bo‘lishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Senatorlar ma’qullagan qonun yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash, yo‘l harakatini to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yish, mutasaddi organlar o‘rtasida samarali hamkorlikni joriy qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA