Joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamayishiga erishilgan. Biroq yo‘l-transport hodisalari va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda.
Bu Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) boshlig‘i Sherzod Ibragimov hamda soha mas’ullari bilan uchrashuvida qayd etildi.
Muloqot davomida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
2024 yilning birinchi yarmida qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10,2 milliondan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan. Eng achinarlisi, 2023 yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar ruxsatnomasi bo‘lmay turib yana qaytadan rulga o‘tirgan. Oqibatda ular tomonidan 707 yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Buning oqibatda 212 nafar shaxs dunyodan ko‘z yumgan. 546 nafar shaxs esa turli darajadagi tan jarohati olgan.
Raqamlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lganlar umumiy haydovchilarning 0,3 foizini tashkil etadi. Ammo ular tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari jami yuz bergan avariyalarning 11 foizini tashkil etgan.
Qo‘mita raisi ushbu holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratish zarur ekani ta’kidlab, bu borada o‘z takliflarini bildirdi. Bunda, amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali jazo choralarini kuchaytirish lozimligi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Aholi va transport sonining ortishi oqibatida piyodalar ishtirokidagi hodisalar eng dolzarb masalaga aylanganiga ham to‘xtalib o‘tildi. Zotan, YTHlarning 58,5 foizi piyodalar ishtirokida sodir etilgan.
Senator bunga YTHlar o‘z vaqtida tahlil qilinmayotgani, aholi gavjum joylarda, ayniqsa, bozorlarda piyodalar o‘tish joyida svetoforlar qo‘yilmagani, hokimliklar, mahalliy kengashlar tomonidan zarur choralar ko‘rilmayotgani, shu bilan birga, aholining yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzayotgani sabab bo‘layotganini qayd etdi.
Chunki piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 20 foizi piyodalar o‘tish joylari tashkil etilmagani oqibatida, 19 foizi esa piyodalar o‘tish joyi mavjud bo‘lsada, piyodalar tomonidan ongli ravishda yo‘l harakati qoidalariga bo‘ysunmasdan, yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tishi oqibatida yuz bergan. Shuningdek, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 13 foizi haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay harakatlanishi, 16 foizi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi oqibatida kelib chiqqan.
Bu borada senator haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmay harakatlanishini hamda mast holatda avtomashina boshqaruviga o‘tirishini eng og‘ir va jazosi muqarrar xatti-harakatlardan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Ushbu jarayonlarga YHXX rahbari alohida e’tibor qaratishi yuzasidan takliflar bildirildi.
Muhokama davomida mavjud muammoli holatlarning oldini olish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX hamkorligida takliflar ishlab chiqilgani aytib o‘tildi. Jumladan, amaldagi qonunchilikka haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lgan, biroq yana yo‘l transport hodisasini sodir etgan shaxslarning mas’uliyatini va javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bolalar ishtirokida sodir bo‘layotgan yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida umumta’lim maktablarida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 701-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida «Yo‘l harakati xavfsizligi» (Hayotiy faoliyat xavfsizligi) fani majburiy joriy etiladi.
Mahalliy hokimliklar tomonidan istirohat bog‘lari hududlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan maydonchalarni barpo etish, bunda bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi asoslarini amaliy hamda ko‘rgazmali tarzda o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 214 ta va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 1064 ta maktab oldida qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qurilmalar o‘rnatiladi.
Piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yangi qurilayotgan va loyihalashtirilayotgan avtomobil yo‘llarida harakat qatnov qismida kesib o‘tuvchi piyodalar o‘tish joylari tashkil etishga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur ob’ektlarni yo‘l o‘tkazgich, yer osti yoki yer usti piyodalar o‘tish joyi shaklida tashkil etish kabi masalalarga e’tibor qaratiladi.
Uchrashuv yakunida yo‘l-transport hodisalarini kamaytirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari kutilgan natijalarni bermayotganini inobatga olib, butun targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha tegishli ishlarni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA