French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: yer usti metrosi bekatlaridagi ayrim eskalatorlar ishdan chiqqani aniqlandi va nazoratga olindi
11:44 / 2024-01-05

Senat yalpi majlislarida senatorlar tomonidan aholini tashvishga solayotgan, shuningdek, dolzarb bo‘lib turgan muammoli masalalar ko‘tarilib, ularning yechimiga vazirlik va idoralar e’tibori qaratilishi natijasida ularni hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida poytaxtimizdagi yo‘llar ustida bunyod etilgan piyodalar o‘tish ko‘priklaridagi eskalator va liftlarning ishlamasligi yoshi katta insonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yosh bolali ayollarga noqulaylik tug‘dirayotgani, shu kabi qurilmalar risoladagidek ishlashi lozimligi masalasi ko‘tarilgan edi.  

Ushbu masalani Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi o‘z nazoratiga olishi va mas’ullar bilan birga ishlab, uni hal etish vazifasi topshirilgan edi.  

– Qo‘mitamiz tomonidan olib borilgan dastlabki o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda Toshkent shahar sun’iy inshootlaridan foydalanish, ularni saqlash va ta’mirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi tasarrufida jami 5 ta piyodalar o‘tish yo‘lagi mavjud, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Ushbu yo‘laklarning 3 tasiga 8 ta lift va 8 ta eskalatorlar o‘rnatilgan hamda ularga “Lift proekt” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinadi. Shuningdek, “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasiga qarashli metropolitenning ayrim bekatlari, xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yer usti metrosining 4 (Olmos), 5 (Rohat), 10 (Tolariq), 13 va 14-bekatlarida o‘rnatilgan eskalatorlar ishdan chiqqani aniqlandi.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, qo‘mita mas’ul tuzilmalarni jalb qilgan holda eskalator va liftlarni to‘liq ishga tushirish choralarini ko‘rish hamda bajarilgan ishlar natijalari yuzasidan ma’lumot taqdim etishni so‘rab Toshkent shahar hokimi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisiga rasmiy xat jo‘natdi.  

Ushbu masala yuzasidan Senatning navbatdagi yalpi majlisida mas’ul tashkilot rahbarlarining axborotlarini eshitish belgilangan.  

N.Abduraimova, O‘zA