Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal barqarorlikni ta’minlash choralari ko‘riladi
17:47 / 2025-12-10

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining majlisida 2026 yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2026 yilda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar dasturi loyihasi taqdimot qilindi.  

Dasturda soliq madaniyatini oshirish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida shaffoflikni kuchaytirish, raqamli nazoratni keng joriy etish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish kabi 8 ustuvor yo‘nalish belgilangan.

Islohotlar natijasida yashirin iqtisodiyot ulushi yalpi ichki mahsulotga nisbatan sezilarli darajada qisqargan. Joriy yilning 9 oyida mazkur keskinlikning pasayishi kuzatilgan.

Majlisda Soliq qo‘mitasi hamda Qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi vazirliklari tomonidan amalga oshirilgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, soliq organlarida joriy etilgan “korxonabay” va “mahallabay” tizimlari orqali 55,7 mingta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qonuniylashtirilgan, 72,1 mingta korxonada 111,7 mingdan ortiq xodimlar bilan mehnat shartnomalari rasmiylashtirilib, byudjetga qo‘shimcha daromad solig‘i tushumlari ta’minlandi.

Qurilish sohasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining keng joriy qilingani, uning mehnat munosabatlari tizimi bilan integratsiyasi natijasida qurilish-pudrat tashkilotlarida ish haqi mablag‘larining keskin oshgani qayd etildi. Bunda, 2024 yildagi 602,7 milliard so‘mlik soliq hisoblangan ish haqi hajmi 2025 yilda 7,1 trillion so‘mga yetgani alohida ta’kidlandi.

Muhokama jarayonida ayrim muammo va kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, xodimlar sonini yashirish, eng kam ish haqidan past maosh rasmiylashtirish, ustav jamg‘armasi orqali soliqdan qochish kabi holatlar hali ham uchrayotgani ta’kidlandi.  

Qurilish sohasida korrupsiya xavflarini kamaytirish, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, “konvert” usulida to‘lanadigan ish haqining oldini olish choralari muhokama qilindi.

Raqamlashtirish jarayonlarini yanada tezlashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, soliq to‘lovchilar bilan hisob-kitob qilish tizimini soddalashtirish, tadbirkorlarga ko‘maklashish va qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Muhokama yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA