Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: “Yashil energiya” sertifikati joriy etiladi
14:58 / 2024-01-19

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etadi.

Bu borada O‘zbekiston 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqishni maqsad qilingan.

Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

Albatta, bunga erishish uchun amaldagi qonunlardagi ayrim normalarni qayta ko‘rib chiqish zarur.

Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga xizmat qiladi.  

Qonun bilan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga “yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga taalluqli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Quvvati 300 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash faqat ushbu manbalar maxsus vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan Soliq kodeksiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya ob’ektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarini foyda solig‘idan ozod qilishga doir o‘zgartish kiritilmoqda.

Senatorlar qonun energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlaridagi energiya taqchilligini bartaraf etishga hamda investorlar uchun qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.

 

N.Abduraimova,  

N.Haydarov (rasmlar), O‘zA