French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat yalpi majlisida muzeylardagi kamchiliklarga e’tibor qaratildi
13:56 / 2023-04-07

O‘zbekistonda 48 davlat muzeyi va ularning 73 filialida qariyb 2,5 million muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda.

Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda.  

Muzeylarga 2021 yil davomida 2,4 million, 2022 yilda qariyb 3,5 millionga yaqin kishi tashrif buyurgan.  

Bu raqamlar Senat yalpi majlisida Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokamasi jarayonida qayd etildi.  

Senat tomonidan olib borilgan o‘rganish va tahlillar natijasida sohada yutuqlar bilan bir qatorda hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar dolzarbligicha qolayotgani ma’lum bo‘lgan.  

Muzeylar sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalari va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari Madaniy meros agentligiga o‘tkazilgan bo‘lsa-da, “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunda agentlikning bu boradagi vakolati belgilanmagan.  

Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda bo‘lib, ularning soni yuz mingdan ortiqni tashkil etmoqda.  

Hukumatning tegishli qarori bilan Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu fondga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.  

Internetdagi Davlat katalogi sahifasida (goskatalog.uz) 338 ming 643 eksponat, ya’ni Milliy muzey fondining bor yo‘g‘i 26 foizi to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan, xolos.  

Muzeylarga 2022 yil davomida tashrif buyurganlarning 75 foizi asosan 6 ta muzeyga, 25 foizi esa qolgan 43 ta muzey va ularning filiallari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur holat aksariyat muzeylarda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi.  

Muhokama jarayonida senatorlar muzeylarni aholiga yaqinlashtirish hamda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun ham teng imkoniyatlar yaratish masalasiga ham e’tibor qaratdi. Olis va chekka hududlarga ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.  

Muhokama so‘ngida Madaniy meros agentiligiga qayd etilgan muammo va kamchiliklar yuzasidan yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qo‘yilgan parlament so‘rovini yuborish qarori senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.  

N.Abduraimova, O‘zA