O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda kun tartibiga kiritilgan 11 masala ko‘rib chiqildi.
“Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.
Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama etildi.
Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari tahlil qilinadi.
Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha Senat qarorlari qabul qilindi.
O‘zA