Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Kuni kecha o‘z ishini boshlagan yalpi majlis birinchi kunida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi hamda 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunlar keng muhokama qilindi.
Soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, byudjet jarayonini takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, huquqiy eksperiment, hakamlik sudlari, atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanishga oid qonunlar ko‘rib chiqildi.

Senatorlar mazkur qonunlarni ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Bugun yalpi majlis o‘z ishini davom ettirmoqda.
Majlis davomida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini rivojlantirish, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishga oid qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ham muhokama markazida bo‘ladi.
Parlament yuqori palatasi a’zolari “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni ratifikatsiya qilish masalasini ham ko‘rib chiqadi.
Vazirlar Mahkamasiga boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi hamda davlat organlariga yuborilgan qator parlament so‘rovlari natijalarini muhokama qiladi.
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA