O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisning kecha o‘tkazilgan birinchi ish kunida davlat ijtimoiy sug‘urtasi, davlat mulkini xususiylashtirish, ijro ishi, yuridik yordam olish, dala chetlaridagi maydonlarda maqbul ekin ekish bilan bog‘liq qonunlar ma’qullandi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra, elektr, issiqlik energiyasi, gaz va suv o‘tkazgichdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.
Majlisning ikkinchi ish kunida sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar, pirotexnika buyumlarining muomalasi, yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish, valyuta va qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solish, oliy ta’limga oid malakalarni tan olish, aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan qonunlar muhokama qilinadi.
Senatorlar tomonidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga mamlakatda oila institutini mustahkamlash va ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi kun tartibidan o‘rin olgan.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA