Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2025 yildagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilgan. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarni faol ilgari surish, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish e’tibor markazida bo‘lgan.
Tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, xorijiy investitsiyalar, eksport, turistlar hajmini oshirish, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar olib borilgan.

Majlisda Prezidentimizning Murojaatnomasi hamda joriy yil 15 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi.
Tashqi aloqalarni yanada rivojlantirish, milliy manfaatlarni faol ilgari surish, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida bajarish muhimligiga urg‘u berildi.
Dunyo miqyosida murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramasdan, Prezidentimiz tomonidan belgilangan ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil amalga oshirish natijasida O‘zbekiston xalqaro maydonda ishonchli va nufuzli hamkor sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgani qayd etildi.

Jumladan, 2025 yilda 26 xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirilgani, qator davlatlar rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari tashkil etilgani, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul o‘tgani, strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgan davlatlar soni 19 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetgani qayd etildi.
Senatorlar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, fuqarolar manfaatlarini faol himoya qilish, xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish, mamlakat eksport salohiyatini oshirishda amaliy natijadorlikka erishish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA