Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat Surxondaryo viloyatida chiqindi suvlarni tozalash masalasini nazoratga oldi
10:40 / 2021-05-28

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘tgan yalpi majlisda ko‘tarilgan bir qator muammoli masalalar muhokamasidan boshlandi.

Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida senator A.Soatov tomonidan Surxondaryo viloyati «Suvoqava» DUKning Termiz shahar filialiga tegishli «Chiqindi suvlarni tozalash inshooti» talab darajasida ishlamasligi sababli chiqindi suvlarni tozalashga imkoniyati yetmasdan Amudaryoning Afg‘oniston bilan chegara sohilidagi qamishzorga tez-tez oqizib yuborilishi, natijada qamishzorda turli xil zararli pashsha va chivinlar ko‘payib, shahar aholisi «Pashshaxo‘rda» yarasidan muntazam aziyat chekib kelishi ta’kidlangan edi.

Mazkur masala yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, senator A.Soatov bilan birgalikda joyiga chiqqan holda chiqindi suvlarni tozalash inshootining texnik va ekologik holati o‘rganildi.

Termiz shahar oqova suv tozalash inshootining samaradorligi 50-55 foizni tashkil etib, sinov laboratoriyalarning so‘nggi kimyoviy tahlillariga asosan, oqovadagi muallaq moddalar belgilangan me’yordan 1,5 barobar, azotli nitrit esa qariyb 2 barobar ortiq me’yorda oqizilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, chiqindi suvlarni tozalash inshootining havo tozalash jihozlarini ta’mirdan chiqarish, avtomatika qismlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish kabi bir qator muammolar ham mavjudligi, inshootning havo haydash uskunasiga o‘rnatilgan 3 ta dvigatel ishdan chiqqanligi, uskuna bir kunda o‘rtacha 5-8 soat ishlatilayotgani aniqlandi.

O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlari va mutaxassislar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Yil yakuniga qadar inshootni bosqichma-bosqich ta’mirlash va yangi jihozlar bilan ta’minlash rejalashtirildi. Ushbu dastur bajarilishi qo‘mita tomonidan nazoratga olindi.

 

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA