English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: shaxsning o‘z aybini tan olgani unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u jazoga tortilishi mumkin emas
16:36 / 2025-03-17

Mamlakatimizda huquqiy tizimni tubdan takomillashtirish va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan islohotlar amalga oshirildi.

Ushbu islohotlar sud ishlarini takomillashtirish, sud qarorlarining shaffofligi va xolisligini oshirish, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomidir. 

– Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Shu bilan birga, agar shaxsning o‘z aybini tan olgani unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Sud jarayonida ishtirok etayotgan guvoh o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi joriy etilmoqda.

Qonun bilan sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga yoki uning vakolatlarini to‘xtatib turish, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi joriy qilinmoqda. Shuningdek, sudya vakolatiga va odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda ularning hisobdor emasligi belgilanmoqda.

Oliy sudning qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish doirasi aniqlashtirilib, faqat o‘z vakolatlari doirasida masalalar kiritishi ko‘rsatilmoqda.

Mazkur qonun fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovning sifatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Senatorlar ma’qullagan qonun odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar tomonidan Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash hamda konstitutsiyaviy ustuvorlikni qaror toptirish bo‘yicha zarur huquqiy kafolatlar yaratilishi, shaxsning huquq va erkinliklarining sud orqali himoyasi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA