Bugun Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning mamlakatimizga Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisi mehmonlarni qutlar ekan, TDT va Turkiyaning nufuzli delegatsiyasining mazkur tadbirda ishtirok etishi O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada izchil rivojlantirishga va hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimiz va Turkiy davlatlar tashkiloti o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
Binali Yildirim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda so‘nggi olti yil mobaynida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalarini ko‘rishdan baxtiyor ekanligini izhor etdi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning konstruktiv siyosat yuritishi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishning asosi ekanini ta’kidladi.
[gallery-6271]
Uchrashuvda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, shu jumladan savdo va transport sohalarini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida Turkiy davlatlar tashkiloti oldida turgan vazifalarini amalga oshirishda parlament a’zolarining rolini kuchaytirish muhimligiga ham e’tibor qaratildi.
O‘zA