Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva poytaxtning Olmazor, Yunusobod va Sergeli tumanlarida bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi. Mahallalardagi xotin-qizlar faollari, mahalliy kengash deputatlari, doimiy komissiya vakillari bilan uchrashdi.
Senat Raisi Olmazor tumanidagi 2-Fayzibaland ko‘chasida yashovchi A.Alimbekova xonadoniga tashrif buyurdi. Xonadon sohibasi bilan muloqot asnosida u jigar xastaligiga chalingani ma’lum qilindi, unga tez orada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishida ko‘mak ko‘rsatilishi aytildi.
Tuman faollari bilan uchrashuvda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligi belgilab qo‘yilayotgani qayd etildi.
Majburiy mehnat taqiqlanishining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilanayotgani, yangi normalarga muvofiq ta’lim olish huquqi va o‘qituvchilar Konstitutsiya himoyasiga olinayotganiga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, T.Norboyeva Olmazor tumani xalq ta’limi bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Nazorat-tahlil” va “Uslubiy tahliliy va uslubiy yordam ko‘rsatish” xonalari faoliyati bilan tanishdi.
“Nazorat-tahlil” xonasida maktablarda o‘rnatilgan ovozli kameralar, maktablarning kirish qismlarida o‘rnatilgan nazorat identifikatsiya kameralari hamda maktablar tizimida foydalanib kelinayotgan “Kundalik.com” platformalari orqali olingan barcha ma’lumotlar tahlil qilinib, o‘quvchilar kunlik davomati o‘rganiladi.
Olmazor tumanidagi 298-maktabda yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bilan tanishildi. Maktab mehnat jamoasi bilan uchrashuvda robototexnika, innovatsion qurilmalar yasashga ixtisoslashgan markazlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Qayd etilishicha, ushbu markazlarda yoshlar o‘ndan ortiq zamonaviy kasblarga o‘qitilmoqda. Eng quvonarlisi, maktab o‘quvchilari orasida qizlar doimiy faollik ko‘rsatib kelmoqda. Ularning bir nechtasi jahonning yetakchi universitetlariga grant asosida o‘qishga qabul qilingan.
Yunusobod tumani hokimligida mahalliy Kengash deputatlari, hokimlik vakillari, mahalla faollari bilan uchrashuvda ham yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi amalga oshirilishi mustahkamlandi. Hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich, ya’ni viloyat kengashlari uchun 2024 yildan, tuman kengashlari uchun esa 2026 yildan e’tiboran tugatilayotgani alohida ta’kidlandi.
Senat Raisi Sergeli tumanining Yangi Darxon mahallasida bo‘lib, aholi vakillari, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchisi va mahalla raisi bilan suhbatlashdi. Ularga yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahallaga berilayotgan yuksak ishonch va vakolatlarni batafsil sharhlab berdi.
Muloqotlar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
O‘zA