Senatda Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi muhokama qilindi.
Surxondaryo viloyatida 2022 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 34,8 trillion so‘mni tashkil etgan va 2017 yilga nisbatan 2,4 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,2 baravarga o‘sgan.
Tadbirkorlik sub’ektlari soni qariyb 2,5 barobar ortgan. 2022 yilda 250 million dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb etilgan (ushbu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 14 baravarga oshgan).
Joriy yil yanvar-iyun oylari davomida hududiy bandlik dasturi doirasida 254,2 ming kishi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishga joylashtirilgan.
Xorazm viloyatida esa 2022 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 31,9 trillion so‘mni tashkil etgan va 2017 yilga nisbatan 2,6 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,4 baravarga o‘sgan.
2017 - 2022 yillarda investitsiya dasturlari doirasida 22,5 trillion so‘mlik 8,7 mingdan ziyod loyiha ishga tushirilgan.
Ushbu davrda turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 19 yirik savdo markazi, 121 dam olish va sog‘lomlashtirish markazlari va boshqa turistik ob’ekt tashkil etilgan.
Turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi sayyohlik tashkilotlari soni 5 baravarga oshgan.
Muhokamalar jarayonida senatorlar amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mavjud kamchilik va muammolarga ham e’tibor qaratdi.
Jumladan, Surxondaryoda o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rilmagani tufayli 255 investitsiya loyihasi ishga tushirilmagan.
Xorazm viloyatida 2023 yilning birinchi choragi holatiga ishsizlik darajasi 9 foizni tashkil etgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga ajratilgan resurs mablag‘laridan foydalanish darajasi ayrim mahallalarda juda pastligicha qolmoqda.
Ushbu masala bo‘yicha fikr bildirgan Senat raisi T.Norboyeva byudjet mablag‘laridan samarasiz va noto‘g‘ri foydalanish holatlarining uchrayotgani joylarda deputatlik va jamoatchilik nazoratining sustligi bilan bog‘liq ekanini qayd etdi.
— Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha loyihalar asosan respublika darajasida moliyalashtirilmoqda, - dedi T.Norboyeva. — Bu ko‘p hollarda loyihalar ustidan hududiy darajada nazoratni amalga oshirish imkonini bermayapti. Davlat byudjetidan hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar uchun ajratilayotgan mablag‘larni e’lon qilib borish, ya’ni shaffoflik amaliyoti yo‘qligi sababli ushbu loyihalardan jamoatchilik bexabar qolmoqda. Oqibatda nima bo‘layapti? Misollarga e’tibor bering: Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 - 2021 yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar uchun Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan subsidiya mablag‘lari to‘lab berilgan. Biroq, ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan hududiy darajada, ya’ni tuman g‘aznachiligi, mahalliy kengash va jamoatchilik nazorati o‘rnatilmagan. Oqibatda subsidiyalarning qariyb uchdan bir qismi (30 foiz), aniqrog‘i 315 milliard so‘m amalda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmagan maydonlar uchun sarflangan. O‘tgan yilda yo‘l infratuzilmasi uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida hududlarda 822 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan. Tahlil qilib ko‘rilsa, bularning hammasi ochiqlik ta’minlanmaganiga borib taqaladi.
Har gal mahalliy kengashlarni faol bo‘lishga, hududda amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini nazorat qilib borishga chaqiramiz. Hududdlardagi loyihalarga ajratilayotgan mablag‘lardan na mahalliy kengash, na hududiy g‘aznachilikning xabari bo‘lmasa, u holda qanday nazorat haqida gap ketishi mumkin?!
Vazirlar Mahkamasi, xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu masalani jiddiy o‘rganishi va samarali yechimini berishi shartligi qayd etildi.
Kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida o‘rganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA