ONLAYN
Senat yalpi majlisida yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi ijrosi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, parlament so‘rovida ko‘rsatilgan muammoli masalalarni bartaraf etish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarning ijrosi to‘liq ta’minlanmagan hamda sohada qator kamchilik va muammolar hanuz o‘z yechimini topmagan.
Soha korxonalarida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vakolatli davlat organlari hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish yo‘lga qo‘yilmagan.
To‘qimachilik korxonalarida ishlayotgan ayollarning 48 foizi, charm-sanoat korxonalarida ishlayotgan ayollarning 67 foizi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 3-4 baravar kam maosh olib ishlayotgani ma’lum bo‘ldi.
Tarmoq korxonalarida ish haqining kamligi kadrlar qo‘nimsizligini yuzaga keltirmoqda. Ayrim korxonalarda mehnatni muhofaza qilish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish ishlariga ham yetarli e’tibor qaratilmayapti. Shuningdek, aksariyat korxonalarda malakali ishchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Ushbu masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratishni yaxshilash zarurligiga urg‘u berdi. Ya’ni ular mehnatiga yarasha ish haqi olishi, muhofaza etilishi kerak.
– Mazkur parlament so‘rovi bekorga kiritilmagan edi. Lekin bunga to‘laqonli javob berilmadi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Aytib o‘tish kerakki, Vazirlar Mahkamasining mahalliy sanoatni rivojlantirish kotibiyati ishlab chiqarish nuqtai nazaridan xodimlarga mehnat sharoitlarini yaratishi kerak. Ayniqsa, xotin-qizlar bu sohada asosiy xodimlar hisoblanadi. Mana shu ikkita yirik tarmoqni rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Ularning rivojlanishi uchun, tashqi bozorga chiqishi uchun biz yordam berishimiz kerak. Bu masalani faqat yalpi majlisda yoki Gender qo‘mitasi faoliyati doirasida emas, balki komissiya doirasida ham birgalikda amalga oshiramiz. Hukumatda shu yo‘nalishda tashkil etilgan qo‘mita bilan hamkorlik qilamiz.
Majlisda korxonalarda mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligi, asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish ishlari ham talab darajasida emasligi qayd etildi. Natijada baxtsiz hodisalar, ish joylarida jarohatlanish holatlari oshib borayotgani kuzatilmoqda.
Parlament so‘rovida ko‘rsatilgan yengil sanoat va charm sanoati korxonalari bo‘yicha xavf-xatarlilik toifalari ko‘rsatkich va tavsiflarini qayta ko‘rib chiqish, xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish ishlarini doimiy monitoring qilib borishning onlayn tizimini yaratish bo‘yicha topshiriqlar ham bajarilmagan va bu borada biror-bir tizim shu kungacha yo‘lga qo‘yilmagan.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ham samarali choralar ko‘rilmagan.
Muhokamalar jarayonida parlament so‘rovida qo‘yilgan masalalar puxta o‘rganilmaganligi, unda ko‘rsatilgan muammolar, jumladan, xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularga munosib ish haqi to‘lash, ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rilmaganligiga tanqidiy munosabat bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA