French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat raisi: So‘z mas’uliyati so‘z erkinligini cheklash degani emas
11:04 / 2021-03-14

Senatda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunning maqsadi - veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan, blogerlarning ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlikni da’vat etish, aholi xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on ma’lumot tarqatish, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilish, huquqqa xilof harakatlarni sodir etish maqsadida axborot tarqatishiga chek qo‘yish.  

Qonunning qabul qilinishi jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on ma’lumotlar tarqatishning oldini oladi.  

Senat raisi Tanzila Norboyeva ushbu qonun so‘z erkinligi yoki axborotni tasarruf etishni biror-bir tarzda cheklovchi qonun sifatida talqin etilmasligi kerakligini qayd etdi. Faqat so‘z aytishda mas’uliyat bo‘lishi kerak.

Mamlakatimizda so‘z erkinligi bor va bu har kimning konstitutsiyaviy huquqidir. Biroq bu huquq va erkinliklardan boshqalarning, ya’ni shaxs, jamiyat va davlatning huquq va manfaatlariga qarshi foydalanmaslik kerak.

Qonunga bo‘ysunmaslik, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, odamlarga nisbatan zo‘ravonlik, shafqatsizlik qilish jinoyatmi? Jinoyat. Shunday ekan, nega ularga da’vat qilish jinoyat bo‘lmasligi kerak?! Yoki yolg‘on axborot tarqatish. Afsuski, bugun odamlar orasida yolg‘ondan qo‘rqmaslik, yanayam achinarlisi rost va yolg‘onni farqlamaslik, farqlay olmaslik yoki farqlashni xohlamaslik ommalashmoqda. Holbuki, insoniyat tarixi va madaniyatining hamma bosqichlari, barcha e’tiqodlarda yolg‘on qoralangan.

– Mazkur qonun bilan belgilanayotgan normalar hayotiy zarurat ekanligini chuqur anglashimiz kerak, – dedi T.Norboyeva. – Yana bir masala. Axborot makonida bo‘shliq bo‘lmasligi kerak.  Bugun turli bo‘lar-bo‘lmas, yolg‘on axborotlarning ommalashishiga, qaysidir ma’noda, rasmiy, ya’ni haqqoniy axborotni tarqatishga mas’ul bo‘lganlar ham sababchi. Axborot tarqatish, deganda faqatgina bugun yo kecha o‘tkazilgan tadbir tafsilotlarini yoritishni tushunmaslik kerak.

Davlat va jamoat tashkilotlari, avvalo, o‘z faoliyatining huquqiy manbalari, vazifa va funksiyalari, maqsad va rejalari, kerak bo‘lsa, muammo va kamchiliklari haqida ommani xabardor qilishi kerak. Ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga ham o‘z vaqtida munosabat bildirish, jamoatchilik bilan muloqotga doimo tayyor bo‘lish zarur. Bir so‘z bilan aytganda, davlat idoralari ochiq bo‘lishi shart.

Shundagina u yoki bu sohaga oid yolg‘on va asossiz axborotlar tarqalishining oldi olinadi.

     Norgul Abduraimova, O‘zA