Senat yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva shu kunlarda dunyo nigohi yana O‘zbekistonda ekaniga e’tibor qaratdi.
– Samarqandda kuni kecha Prezidentimiz ishtirokida YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-tarixiy sessiyasi ochildi, – dedi T.Norboyeva. –Tarixiyligi shundaki, sessiya 40 yil ichida birinchi marta tashkilotning Parijdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda. Bu ham bo‘lsa global miqyosda O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak ishonch ortayotgani va, albatta, e’tirof namunasidir.
O‘tgan oyda global miqyosdagi yana bir muhim anjuman – BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev jahon hamjamiyatining bosh minbaridan turib, yurtimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang tarzda olib borilayotgan ortga qaytmas islohotlar mazmuni, sur’ati, yutuqlarimiz, maqsad va vazifalarimiz haqida to‘xtaldi. Mintaqa va global kun tartibidagi dolzarb masalalarga nisbatan mamlakatimiz munosabati aniq-ravshan bayon etildi. Taraqqiyotga xizmat qiluvchi muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish, Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini qabul qilish, “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish, sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim migratsiyasi masalasida xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish kabilar shular jumlasidan.
Gender siyosatiga alohida urg‘u berilib, ijtimoiy-siyosiy jabhalarda, jumladan tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning roli bundan buyon ham mustahkamlanishi alohida ta’kidlandi. Shu ma’noda, mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish muhimligi qayd etildi.
Mamlakatimiz 2030 yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani alohida ta’kidlandi.
Bu juda katta marra va unga erishishda ichki imkoniyatlarni safarbar etish bilan birga xalqaro hamjamiyat va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish nihoyatda muhim.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining Belgiyaga tashrifi va Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan oliy darajadagi uchrashuvlar, Yevropa yetakchi kompaniya va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan muloqotlar, tuzilgan bitimlar muhim amaliy ahamiyatga ega.
Prezidentimiz ishtirokida Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti hamda Dushanbe shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammit va MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishlari ham xalqaro aloqalarimizda muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.
“Nufuzli minbarlarda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo, turkiy dunyo va Hamdo‘stlik xalqlari farovonligiga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslar ilgari surilgani barqaror rivojlanish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga muhim turtki bo‘lishi shubhasiz. Umuman olganda, Nyu-York, Bryussel, Gabala va Dushanbedagi oliy darajadagi muloqotlar zamirida milliy manfaatlarimiz yotibdi”, dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA