Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norbayeva hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent viloyati tumanlarida bo‘ldi. Unga viloyat hokimi Zoyir Mirzayev va hudud mas’ullari hamrohlik qildi.
Ilk manzil O‘rta Chirchiq tumanidagi “Qorasuv” mahallasida joylashgan umumiy qiymati 30 milliard so‘mga teng bo‘lgan shirin makkajo‘xori mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash korxonasi bo‘ldi. Bu yerda yaratilgan 130 dan ortiq doimiy ish o‘rnida 95 foiz ayollar faoliyat olib boradi. Senat Raisi xodimlarning mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Mazkur hududning “Turkiston” mahallasida tashkil etilgan “Qorasuv invest mebel savdo” ishlab chiqarish korxonasi bilan tanishuv davomida aholini, ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida ishga tushirilayotgan loyihalar xususida ma’lumot berildi. Korxona hozir mahalladagi mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan fuqarolarning ishlab chiqarish faoliyatini kooperatsiya usulida tashkil etib, ularning dual tizim asosida o‘qitilishi va malakasini oshirishga ham e’tibor qaratmoqda.
Shu yerning o‘zida O‘rta Chirchiq tumanida ayollarni ish bilan ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar ham batafsil tahlil qilindi. Tumanning faol tadbirkor ayollari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ularning biznes rejalari bilan tanishib, tegishli tavsiyalar berildi. Shundan so‘ng “Do‘stlik” mahallasi hududida 225 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga tashkil etilgan oilaviy korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni ko‘zdan kechirildi.
Tadbirkor Feruza Muhammedova qo‘ziqorin yetishtirish va savdoga yetkazib berishda mahalladagi 10 nafar, mavsum paytida esa 60 nafar ayolni doimiy ish bilan ta’minlagan.
Shuningdek, Senat Raisining Piskent tumanidagi “Oybek” hamda “Mingtepa” mahallalarida bo‘lib, mahalla yettiligi bilan kechgan muloqotda oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, aholining ijtimoiy himoyasi, norasmiy bandlikni bartaraf etish, mahallada jinoyatchilikning oldini olish masalalariga e’tibor qaratdi. Sayxunobod tajribasi asosida aholi farovonligini oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar tahlil qilindi.
Uchrashuvlar chog‘ida Senat Raisi “Mingtepa” mahallasida uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Abdujalil Xusanboyev xonadonida bo‘lib, mirishkorning rejalari bilan qiziqdi.
A. Musayev,O‘zA.