O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Toshkent viloyati Ohangaron tumanida xotin-qizlar bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini o‘rgandi.
Senati raisiga viloyat hokimi Davron Hidoyatov va tuman hokimi Abdurasul Abdullayev, xalq deputatlari viloyat kengashi kotibiyat mudiri Sayyora Fayziyeva hamrohlik qildi.
Dastlab hududdagi «G‘allaquduq» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi «Hunarmandlar uyushmasi» a’zosi Qizjibek Mamatova tomonidan uy sharoitida tashkil etilgan tikuv sexi faoliyati bilan tanishildi.

Ayni paytda mazkur oilaviy sexda tikilayotgan mahsulotlar Tojikiston Respublikasiga eksport qilinadi. Bundan oldin tadbirkor tomonidan 70 ming dona bosh kiyim Rossiyaga eksport qilingan edi.
Uchrashuvda tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘zdan kechirildi. Ishchi xotin-qizlar bilan yaqindan suhbat qilinib, muammolari tinglandi.
Shundan so‘ng mas’ullar hamrohligida qizil hududga kiritilgan «Yalpoqtepa» mahalla fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar, xususan, «Ayollar daftari» ro‘yxatida turuvchi fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan suhbatda ayollar muammolari tinglandi. Ularni hal etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, «Yonariq» MFYda ham ayollarni qiynayotgan muammolar tinglandi. Hududda amalga oshirish lozim bo‘lgan loyihalar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Ayollar tumanda olib borilayotgan ijobiy ishlarni ta’kidlash bilan bir qatorda mavjud muammolar haqida to‘xtaldi. Jumladan, mahalla yaqinida joylashgan Yangi Angren IESdan chiqayotgan zararli chiqindilar atrofga tarqalayotgani tufayli aholiga ko‘plab noqulaylik tug‘dirmoqda. Yangi qurilgan issiqxona faoliyati tufayli mavsumda pashshalar ko‘payib ketar ekan. Buning natijasida tomorqaga ekilgan sabzavot ekinlari, mevali daraxtlar hosiliga katta zarar yetayapti. Tuman hokimi ushbu murojaatlarni tegishli tartibda hal etadigan bo‘ldi.
Ohangaron tumani hokimligida Senat Raisi tuman Kengashi deputatlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda mavzuga oid ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Tumanda «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftarda» ro‘yxatda turuvchi fuqaro va oilalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning holati ko‘rib chiqildi.

Xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyati va deputatlarning olib borayotgan amaliy ishlari muhokama qilindi. Tumanda «mahallabay» ishlash bo‘yicha shtab faoliyati bilan tanishildi.
Tumandagi 30 yoshdan yuqori xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib anketa so‘rovnomalar to‘ldirildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 872 nafar xotin-qiz ijtimoiy holatlari bo‘yicha «Ayollar daftari»ga kiritildi.
Bu yil mart oyida ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollardan 78 nafarining bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 40 nafar ayol tadbirkorlik yo‘nalishida o‘qitildi, shundan 13 nafariga kredit ajratildi. Tomorqasidan samarali foydalanishi uchun 13 nafar xotin-qizga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi. Boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand ayollardan 40 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. Bu boradagi ishlar tegishli tartibda davom etmoqda.
– Hudud ayollari mavjud muammolar bo‘lsa ham olib borilayotgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun ekanini aytyapti, – deydi Oliy Majlis Senati raisi T.Narbayeva. – Biroq hali amalda qilinadigan ishlar ko‘p. Hududlardan saylangan deputatlar muntazam aholi bilan ishlashi kerak.
Yig‘ilishda kelgusida amalga oshirish lozim bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab olindi.
A.Musayev, O‘zA