O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva hududlarda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar natijalari, aholi osoyishtaligi va farvonligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar, mahalliy Kengashlar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Namangan viloyatiga keldi.
Pop tumanida Senat rahbari boshchiligida respublika Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashning sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Bandlik, sog‘liqni saqlash, bank, qurilish kabi bir qator sohalarda jami 85 ta korrupsion jinoyat fosh etilgan bo‘lib, ularning katta qismi bevosita mansabdor shaxslarning noqonuniy faoliyati bilan bog‘liq. Ayrim davlat xizmatchilarining qonunga zid ravishda tadbirkorlik bilan shug‘ullangani ham aniqlangan.
Majlisda jinoyatchilikka oid ko‘rsatkichlar ham tahlil qilindi. O‘tgan yili viloyatda jami 8 ming 204 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, ularning 35 foizi kiberjinoyatlardir. Joriy yilning o‘tgan yetti oyida esa 5 ming 786 ta jinoyat sodir etilgan, shundan 45,6 foizi aynan kiberjinoyatlar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Ularning asosiy sabablari orasida aholi mulk xavfsizligiga beparvolik, yetarli darajada profilaktika tadbirlarining yo‘lga qo‘yilmagani va ijtimoiy muhitdagi salbiy omillardir.
Oila va maishiy soha bilan bog‘liq jinoyatlar ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. 2025 yilning yanvar-iyul oylarida yuz bergan qotilliklarning 60 foizi, tan jarohati yetkazish jinoyatlarining esa beshdan ikki qismi oilaviy nizolar sababli sodir etilgan.
Yoshlar va ayollar orasidagi jinoyatchilik ayrim hududlarda oshgan, shu yilda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni umumiy hisobda pasaygan bo‘lsa-da, Uchqo‘rg‘on, Pop, Namangan kabi tumanlarda ushbu ko‘rsatkich oshgan. “Qizil” va “sariq” toifadagi xavfli mahallalar soni yuqoriligicha qolmoqda. 21 ta mahalla uch yildan beri “qizil” toifadan chiqmagan.
Majlis kun tartibidagi masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov, Respublika Bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov so‘zga chiqdi.

Milliy kengash tomonidan Namangan viloyatidagi 754 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida xavfsizlikni kuchaytirish, raqamlashtirish choralarini jadallashtirish, ijtimoiy profilaktika ishlarini sifat jihatidan yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalarni nazarda tutgan qaror qabul qilindi.
Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Ishchi guruhi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Iftihor kiyim sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyat misolida viloyatda to‘qimachilik sohasida eskport imkoniyatlarini oshirish va zahiralarni ishga solish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Parlament yuqori palatasi yetakchisi rahbarligidagi Ishchi guruhi tashrif davomida Davlatobod tumanidagi “To‘quvchi” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “yettilik” hamda huquq-tartibot maskani xodimlarining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Prezidentimizning 2024 yil 25-26 mart kunlari Namanganga tashrifi chog‘ida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, viloyat markazini jinoyatdan holi hududga aylantirish bo‘yicha “Namangan tajribasi”ni yaratish borasida bir qator vazifalar belgilab bergan edi.

Yangicha ishlash mexanizmlarini samarali yo‘lga qo‘yish hamda kriminogen vaziyatni yaxshilash, aholining mazkur yo‘nalishdagi murojaatlarini o‘z vaqtida va qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsadida, kriminogen vaziyati og‘ir va fuqarolarning murojaatlari ko‘plab tushayotgan mahallalar 20 ta mikro-hududga bo‘linib, “Huquq-tartibot maskan”lari tashkil etildi.
Senat Raisi mazkur maskan faoliyati natijadorligini amalda ko‘rdi. Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuhrat Aliyev huquq tartibot maskanlarining bugungi kundagi faoliyati, uning ahamiyati va samarasi haqida ma’lumot berdi.

Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Ishchi guruhi a’zolari o‘rganishlar davomida Yangi Namanganga bo‘lib, xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Kengash kotibiyati, doimiy komissiyalar va siyosiy partiyalar guruhining faoliyati, ish yuritish hujjatlari o‘rganildi. Sessiyalarga kiritilgan masalalar, deputatlik so‘rovlari, xalq noiblarining murojaatlarga mas’uliyati, ular bevosita aks etgan fotoalbomlar Ishchi guruhi e’tiborini tortdi. Tanzila Norboyeva namunali Kengash faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Yangi Namangan tumanida ijobiy ishlar amalga oshirilganligini e’tirof etdi.
Shu joyning o‘zida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Senat Raisi rahbarligidagi Ishchi guruhi o‘rganishlari davomida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamrohlik qildi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Namangan viloyatiga xizmat safari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA