Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat Raisi: Markaziy Osiyo – iqtisodiy o‘sishning muhim markazlaridan biriga aylanib bormoqda
15:03 / 2024-09-12

Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Forumda O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva mintaqamizni Yevropa temir yo‘llari tarmog‘i bilan bog‘lashga mo‘ljallangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali qurilishi to‘g‘risida bitim tuzilishi Markaziy Osiyo uchun transport-tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda katta yutuq bo‘lganini qayd etdi.

– Madaniy-gumanitar almashinuv sezilarli darajada faollashdi, - dedi T.Norboyeva. – Mintaqa xalqlarining nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar aloqalari kuchayishiga xizmat qiluvchi turizm sohasining rivojida ham Markaziy Osiyo mintaqasining ahamiyati katta. Jumladan, bugun mamlakatlarimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarning 80 foizga yaqini qo‘shni mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlarining turizm salohiyatini oshirish, mintaqa bo‘ylab ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqishga qaratilgan “Bir tur – butun mintaqa” loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Bu va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, albatta, amaliyotda ham o‘z aksini topmoqda. Jumladan, mintaqadagi savdo hajmi 4,4 barobar, qo‘shma korxonalar soni 5 barobar, o‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb 2 barobar oshdi.

Umuman olganda, bugun Markaziy Osiyo iqtisodiy o‘sishning muhim markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Mintaqa mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti 450 milliard dollarga yaqinlashdi. Mintaqaning o‘sish suratlari (4,8 foiz) butun dunyoning o‘rtacha o‘sish suratlaridan (2,6 foiz) deyarli ikki barobarga yuqori.

Shu bilan birga, bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan murakkab vaziyat, atrofimizdagi holatning o‘zi Markaziy Osiyo mamlakatlarining yanada jipsroq bo‘lishini taqozo qilmoqda.

Bugungi kunda mintaqa o‘zining yaxlit rivojlanish bo‘yicha yagona qarashga ega, xalqaro munosabatlarda mustaqil sub’ekt sifatida harakatlanish maqsadida dadil odimlar tashlamoqda. Albatta, bu taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichini bildiradi, yagona makon sifatida rivojlanish uchun imkoniyatlar yaratadi.

– Bugun barchamizda umumiy qarash shakllanmoqda – ya’ni mintaqa taraqqiyoti, xavfsizligi va farovonligi bo‘linmasdir va umumiy taqdirga ega. Zero madaniyati, urf-odati va an’analari, qadriyatlari bir bo‘lgan xalqlarda do‘stlik va hamkorlikdan boshqa yo‘l ham mavjud emas. Mintaqamizda qayd etilgan natijalar, shubhasiz, davlatlarimiz rahbarlarining o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari tufayli ro‘y bermoqda.  

Shundan kelib chiqib, biz parlament vakillari o‘zaro aloqalarimizning keyingi istiqbollarini belgilab olishimiz kerak, – dedi Senat Raisi.

Norgul Abduraimova,

Bekzodbek Saidov (surat),  

O‘zA