Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat raisi: Joylarda gaz va svet bilan bog‘liq muammolar ko‘paygani qilingan ishlarga soya soldi
16:20 / 2020-12-11

Aholi hozirgi holatdan kechkin norozi bo‘lmoqda. Chunki hadeb svet o‘chishi odamlarning joniga tegdi;

Har bir lavozimda, vazifada o‘tirgan shaxs zimmasidagi ma’uliyatni bajarishi kerak, agar bajara olmasa, joyini bo‘shatib qo‘ysin;

Odamlar bilan muloqot qilib, vaziyat haqida axborot bera olmaydigan rahbarlar bugungi kun talabiga javob bera olmaydi!

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta’minlash holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Majlis davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar, aholidan tushayotgan murojaatlarga e’tibor qaratdi. 

- Xalqimizni uy-joy bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilgan kompleks ishlar natijasida aholining turmush sharoiti ancha yaxshilandi, - dedi Senat raisi. - Uy-joy, ijtimoiy yordam so‘rab qilinayotgan murojaatlar soni keskin kamaydi. Ammo qish mavsumi kelishi bilan joylarda gaz va svet bilan bog‘liq muammolar ko‘paygani qilingan shuncha ishga soya soldi. Aholi hozirgi holatdan kechkin norozi bo‘lmoqda. Chunki hadeb svet o‘chishi odamlarning joniga tegdi. 

Majlisda aynan shu masalada taqdim etilgan axborotda ham aholi va tadbirkorlarni energiya resurslari bilan ta’minlashda tizimli muammolar mavjudligi qayd etildi. 

Senatorlar bu kabi muammolar yechimi ustida hozir bosh qotirilmasa, bu kelgusida yana gazak olib ketishi mumkinligini ta’kidladi. 

Ushbu masala bo‘ycha so‘zga chiqqan mas’ullar mavjud texnologiyalarning eskirganligi bilan bir qatorda energiyaga bo‘lgan talabning oshgani ta’minotda muammolarni chuqurlashtirganini aytib o‘tdi. 

Senatorlar masala yuzasidan fikr bildirar ekan, tabiiy energiyalar, xususan quyosh, shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha qonunlar qabul qilingan bo‘lsa ham amalda bu borada hech qanday natija ko‘zga tashlanmaganini aytdi. Holbuki, boshqa energiya manbalariga nisbatan aynan quyosh va shamol energiyasini hosil qilish bir necha barobar arzon. 

Aholi gaz, svet bo‘yicha mavjud holatni bilish uchun hududiy tarmoqlar dispetcherlariga qo‘ng‘iroq qilganda, hech kim javob bermayotgani, mavjud vaziyat bo‘yicha tushuntirish hattoki berilmayotgani majlisda qattiq tanqid qilindi. 

Har bir lavozimda, vazifada o‘tirgan shaxs zimmasidagi ma’uliyatni bajarishi kerakligi, agar bajara olmasa, joyini bo‘shatib qo‘yishi kerakligini aytib o‘tdi Senat raisi. Odamlar bilan muloqot qilib, vaziyat haqida axborot bera olmaydigan rahbarlar bugungi kun talabiga javob bera olmaydi. Mas’ullar muntazam ravishda matbuot anjumani o‘tkazib, xalqqa nima ish qilayotgani haqida axborot berib borishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, muammolarni aniqlashi, ularning yechimi ustida bosh qotirishi kerak. Monopollashgan, lekin samarali xizmat ko‘rsata olmayotgan korxonalarni xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ham jiddiy bosh qotirish vaqti keldi. 

Majlisda ko‘rib chiqilgan masala bo‘yicha Senatda ishchi guruhi tuzilgani, barcha muammolar chuqur tahlil qilinib, Prezidentga taklif kiritilishi aytib o‘tildi. 

 

   Norgul Abduraimova, O‘zA