Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat Raisi Jenevada xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
20:46 / 2025-07-29

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Jeneva shahrida Parlamentlararo Ittifoq (PI)ga a’zo mamlakatlar parlamentlari ayol spikerlarining 15-sammiti doirasida qator nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, PI prezidenti Tuliya Ekson bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan raqamlashtirish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar siyosati va ekologik barqarorlik kabi yo‘nalishlardagi tashabbuslar yuqori baholandi.

Suhbat chog‘ida yoshlar va xotin-qizlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi, xususan, yoshlarni parlament faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha yangi dasturlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Senat Raisi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish g‘oyasi ilgari surilganini eslatib o‘tdi va 2026 yilda Yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasiga O‘zbekiston mezbonlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Senat Raisi PI Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Parlamentlararo Ittifoq o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur hamkorlik yildan-yilga tobora jadal va samarali tus olayotgani alohida qayd etildi.

Tomonlar kelgusi yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasi tashkiliy jihatlarini muhokama qildi.

Shu bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlikka bag‘ishlangan 3-global forumni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi yuzasidan ham fikr almashildi.

N.Abduraimova, O‘zA