Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat raisi: «Hokimiyat vakili himoyasiga oid me’yor qo‘shimcha vakolat emas, balki mas’uliyat va javobgarlikdir»
12:51 / 2021-09-30

Jamiyatda hokimiyat vakillari, ayniqsa, ichki ishlar organi, milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, organ xodimlariga zarar yetkazish kabi holatlar uchrayotgani sir emas.

Endilikda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.  

 Bu Senatning ayni paytda davom etayotgan yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonunda o‘z ifodasini topgan.  

  Senatorlarning fikricha, qonun mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida amalga oshirilgan  tizimli chora-tadbirlarni yana bir bor mustahkamlashga qaratilgan.

  Jinoyat kodeksidagi hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq jazo choralari kuchaytirilmoqda.

   Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ichki ishlar organlari xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaganlik, ularning o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatganlik va hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

  Mazkur qonun bilan hokimiyat vakillarining huquqiy himoyasi kuchaytirilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari), balki boshqa hokimiyat vakillarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatganlik yoki to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali ularning o‘z qonuniy faoliyatini to‘sqinliksiz amalga oshirishiga sharoit yaratilishi aks etmoqda.  

  Bu kabi choralar bilan hokimiyat vakillarining sog‘ligi va hayoti xavfsizligini ta’minlashga erishiladi.

  Senat raisi Tanzila Norboyeva ushbu qonun haqida fikr bildirar ekan, hokimiyat vakili, shu jumladan ichki ishlar, milliy gvardiya kabi huquqni muhofaza qiluvchi va jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lgan organlar vakillari ushbu normalarni qo‘shimcha vakolat sifatida emas, balki o‘z-o‘ziga nisbatan mas’uliyat va javobgarlik sifatida qabul qilishlari lozimligi qayd etdi.  

        Haqiqatan ham, hokimiyat vakili, avvalo, xalq xizmatchisi. U har qanday sharoitda ham qonundan chetga chiqmasligi, ayniqsa, zimmasidagi mas’uliyatni unutmasligi shart.  

                                                                   N.Abduraimova, O‘zA