French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat Raisi: Havoning ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar bilan jiddiy shug‘ullanish, bunga jamoatchilikni keng jalb etish zarur
11:07 / 2024-01-20

Bugun, 2024 yil 20 yanvar kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Unda Senat, hukumat  a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.

Majlisni senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqishdan boshladi.

Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sanitariya holatini va ekologik vaziyatni yaxshilash, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Biroq, qurilish, ishlab chiqarish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish uchun qonunlarda atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi ob’ektlarning faoliyatini maxsus vakolatli davlat organlarining qaroriga ko‘ra cheklash yoki to‘xtatib turish mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, qonunchilikda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan noaniq ta’riflarning mavjudligi davlat organlarining diskretsion vakolatlari kengligi bilan bog‘liq korrupsiya holatlari paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat raisi ekologiyaga oid qonunlarda va, umuman, qonunchilikda noaniq, ya’ni turlicha talqin qilish va qo‘llash mumkin bo‘lgan normalarning bo‘lishi to‘g‘ri emasligini qayd etdi.

– Bu hol amaliyotda turli muammolar, tushunmovchiliklar, noroziliklar va, eng yomoni, korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin, - dedi T.Norboyeva. – Shu jihatdan qaraganda, kiritilayotgan o‘zgartirishlar juda muhim. Chunki mamlakatimizda sanoatlashuv darajasi yildan-yilga kengayib boryapti. Bunday sharoitda ekologiyaga ta’sirlar ko‘lami ham ortib boradi. Ayniqsa, bugun poytaxt Toshkentdek yirik shaharda havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yorlardan oshib ketishining oldini olishda ana shunday aniq huquqiy normalar muhim ahamiyat kasb etadi. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi nafaqat ushbu qonunni ko‘rib chiqish, balki havoning ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar bilan jiddiy shug‘ullanishi, tegishli davlat organlari bilan ishlashi, jamoatchilikni keng jalb etishi zarur.

Mazkur hujjat bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida” hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlarga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorlarni, birinchi navbatda, aholining hayoti va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olish zaruratini hisobga olgan holda qabul qilish asoslarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun ekologik vaziyatni yaxshilashga, aholining hayotiga va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olishga, tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishga, shuningdek, korrupsiya omillarini bartaraf etishga hamda vakolatli davlat organlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA