Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat raisi: Byudjet mablag‘i faqat xalq manfaatiga sarflanishi kerak
15:06 / 2021-05-28

Amalda esa turli bahonalar bilan byudjet mablag‘larini katta miqdorda o‘zlashtirishdek salbiy holatlar uchramoqda va bu bartaraf etilishi shart.

Oliy Majlisning yuqori palatasi yalpi majlisida ijtimoiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, xalqning turmush darajasini yaxshilashga oid ishlar tahlil etildi.  

- Ijtimoiy sohaga joriy yilda davlat byudjetidan 21 trillion so‘m ajratilgani va maqsadli sarflanayotgani obod mahallalar, bunyod etilayotgan zamonaviy infrastrukturada yaqqol namoyon bo‘la boshladi, — dedi Tanzila Norboyeva. – Aytib o‘tish kerakki, bu mablag‘ 2017 yilda ajratilgan mablag‘ga nisbatan uch barobar ko‘p. Aholining talabi va ehtiyojidan kelib chiqib, sog‘liqni saqlash, uy-joy ta’minotiga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda.  

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tibbiyotning gematologiya sohasiga e’tiborning kuchaygani bunday kasallikka chalingan bemorlar, xususan, murg‘ak bolalar hamda ularning ota-onalarida hayotga bo‘lgan ishonch va intilish hissini oshirmoqda.  

Joriy yilda 54 ming uy-joy barpo etish, ipotekani yanada arzonlashtirish, ehtiyojmand oilalarning uy-joyga ega bo‘lishiga amaliy ko‘maklashish kabi yo‘nalishlardagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bu borada har bir hududda “Xalqparvar komissiyalar” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, uy-joy qurilishi va ta’minoti bilan bog‘liq barcha masalalarda qat’iy jamoatchilik nazorati ta’minlanmoqda.  

- Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar 2030 yilga qadar amalga oshiriladigan barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir, – deydi Senat raisi. — Ushbu maqsadlar yo‘lida parlament imkoniyatlari ham safarbar etilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Bu borada alohida Parlament komissiyasi faoliyat olib borayotir. Kelasi oyda Buxoroda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Xalqaro tajribada oldin kuzatilmagan bunday nufuzli forum birinchi marta O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Ayni paytda uni yuksak saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Global forum yakuni bo‘yicha Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.  

Yalpi majlisda byudjet mablag‘laridan samarasiz foydalanilayotgani keskin tanqid qilindi.  

Senat raisining qayd etishicha, bankrotlik ishlari bo‘yicha sud boshqaruvchilari olayotgan mukofot pullari ularning byudjetga undirayotgan mablag‘idan bir necha barobar ko‘p. Holbuki, ular olayotgan mukofot pullari ham byudjetdan to‘lanadi.  

Ushbu soha vakillari qilayotgan ishlarining natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar millionlab, milliardlab mukofot pullari olgan. 2019-2020 yillarda o‘n mingga yaqin sub’ekt bankrot, deb topilgan.  

Bu kabi ishlar natijasida byudjetga undirilgan mablag‘ miqdori esa juda ham past. Vaholanki, bankrotlik bo‘yicha sud boshqaruvchilari qarzdor tashkilotlarning qarzini byudjetga undirish bilan ham shug‘ullanishi kerak. Ular esa faqat haq olib, korxonalarning bankrot, deb topilishi uchun kurashib kelmoqda.  

Senat raisi bunday nomunosiblikka barham berish zarurligiga urg‘u berdi. Davlat byudjeti – xalqning puli, uni maqsadsiz sarflashga hech kimning haqqi yo‘q va bu mablag‘ faqat xalq manfaatiga sarflanishi kerak.

Norgul Abduraimova, O‘zA