Oliy Majlis Senatining qirq sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz bo‘ylab yaqinda nishonlangan Konstitutsiya bayramiga to‘xtalib o‘tdi.
– Bu yilgi bayram oldingilaridan mazmun jihatidan farq qildi, – dedi T.Norboyeva. – Boisi, butun xalqimiz bir bo‘lib, konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirildi. Milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oluvchi hamda inson qadri degan ulug‘vor tamoyilni o‘zida jamlagan yangilangan Konstitutsiya qabul qilindi. Asosiy qonunimiz, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi. “O‘zbekiston – 2030" strategiyasi esa boshlangan islohotlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi, yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizni rivojlantirishning ustuvor maqsadlarini belgilab bergani bilan ahamiyatli.
Bunday faol yangilanishlar sharoitida parlament, xususan Senatning ham o‘rni va roli tobora oshib bormoqda. Senatda hududlar manfaatlari ilgari surilgani bois, viloyat, shahar, tuman va mahallalarni rivojlantirish, aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar ustidan parlament nazorati yangicha yondashuvlar asosida amalga oshirilmoqda. Ya’ni, ushbu yo‘nalishdagi faoliyat faqat nazorat bilan cheklanmasdan, balki senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari, ijro organlari va jamoatchilik bir bo‘lib, belgilangan maqsadlarga erishishda faol ishtirok etmoqda.
Har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, alohida rejalar (“Yo‘l xaritalari”) ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Ishlar holati doimiy ravishda yo hududda, yoki Senatning o‘zida muhokama qilib kelinmoqda.
– Olib borilayotgan bu kabi amaliy ishlar barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsad va vazifalarimizga hamda mos ravishda Global barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang ekanligini alohida ta’kidlashni istardim. Xabaringiz bor, o‘tgan oyda ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi hamda BRMni amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II Global forum muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Oylik hamda Forum yakunlari bilan Toshkent kommyunikesi qabul qilindi. Shuningdek, xalqaro darajada yana bir tashabbusni, ya’ni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish to‘g‘risida BMT rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdik. Umid qilamizki, ushbu tashabbusimiz ham dunyo davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (rasmlar), O‘zA