Senat raisi Boyovutda deputatlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva hududlarda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar, aholi, xususan, ayollar va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar hamda mahalliy Kengashlar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida bo‘ldi.
Tanzila Norboyeva Boyovut tumani hokimi,senator Dilfuza Uralova hamrohligida tumandagi Uchturgon mahallasida joylashgan 1-sonli sport maktabiga bordi.Maktabda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, sport bo‘limlarining faoliyati, mashg‘ulotlar jadvali bilan tanishib, sportchi va murabbiylar bilan uchrashdi.
Senat raisi tuman hokimligida Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati, farmonda belgilangan asosiy vazifalar ijrosi yuzasidan hududdagi deputatlar bilan ochiq, samimiy muloqot qildi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri