Oliy Majlis Senatida xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari raislari hamda hokimlar uchun o‘quv seminarlari davom etmoqda. Navbatdagi seminarda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan tinglovchilar qamrab olingan.
Maqsad – mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, mahalliy vakillik va ijro organlarining bahamjihat ishlab, aholining muammolarini birgalikda hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, rahbarlarning boshqaruv madaniyatini oshirish hamda aholi bilan ishlash sifatini yaxshilashdan iborat.
Senat Raisi T.Norboyeva o‘z kirish so‘zida joylardagi rahbarlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va mas’uliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilarga hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilini mahalliy darajada ta’minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, tuman (shahar) kengashi raisi maqomi tushuntirilmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muammolari va ularni hal etish yo‘llari, kengashning hokimlar bilan o‘zaro munosabatlariga oid 20 ga yaqin mavzularda ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Seminarlar mobaynida tuman (shahar) kengashining ish tartibi, ish rejasini shakllantirish, unda mansabdor shaxslarning hisobot (axborot)larini eshitish, kengash raisining partiya guruhlari, doimiy komissiyalar bilan hamkorligi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash usullari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Kengash qarorlarini qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash, okruglarda deputatlarning fuqarolar qabullarini tashkil etish, deputatlarning odob-axloq qoidalariga rioya etishi, raqamli texnologiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq muhim masalalarga e’tibor qaratilmoqda.
Tinglovchilar qaror qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash, aholi bilan muloqot qilish, jamoatchilik fikrini hisobga olish, tahlilga tayanish, mahalliy muammolarni hamkorlikda joyida va o‘z vaqtida hal etish, aholi murojaatlari bilan ishlashda ochiqlik va samaradorlikni ta’minlash borasida o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Bundan tashqari, mahalliy boshqaruvda raqamli platformalardan foydalanish, “Elektron hukumat” tizimi orqali xizmatlar sifatini oshirish, ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, tahliliy hisobotlar tayyorlash kabi muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Seminarlar doirasida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z faoliyatida uchrayotgan muammolar bo‘yicha yechim topish, o‘zaro tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda interfaol usullardan foydalanmoqda.
Uch kun davom etadigan o‘quvlar natijasida tinglovchilar o‘z hududlarida islohotlarni samarali amalga oshirish, aholi manfaatlariga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilish, hisobdor va ochiq boshqaruvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zlarining bilimlarini oshirib, amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlaydi.
N.Abduraimova,
O‘zA