English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Namanganda mahalliy Kengash vakillari bilan uchrashdi
20:40 / 2022-02-10

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazish, Senat qarorlari ijrosi va fuqarolar murojaatlarini joyida o‘rganish maqsadida Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar xizmat safari bilan hududlarda bo‘lib turibdi.

Xususan, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyev Namangan viloyatidagi o‘rganishlari davomida mahalliy Kengashlar kotibiyat mudirlari va doimiy komissiyalari raislari hamda deputatlar bilan muloqotda bo‘ldi.

“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan, yettita ustuvor yo‘nalishidan iborat 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizni 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan. Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Dasturning inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishi ijrosini ta’minlash Oliy Majlis palatalari mas’ul etib belgilangan.

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazorati yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish hamda ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish lozim.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilab bergan hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari ishtirokidagi istiqbolli loyihalar ijrosi yuzasidan mahalliy Kengashlar tomonidan o‘rganish va nazorat ishlarini olib borish, bunda muddatidan kechikayotgan loyihalarga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Mahmudjon Parpiyev qayd etganidek, shu yilning 3-4 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Senatning navbatdagi yalpi majlisida 20 ta masala, shu jumladan 8 ta qonun ko‘rib chiqildi.

[gallery-5720]

Xususan, Senat tomonidan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”; “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”, “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”; “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”; “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” kabi Qonunlar ma’qullandi.

Senator qayd etganidek, Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda faqat 4 ta tovar kelib chiqqan joy nomi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shulardan atigi ikkitasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘lsa, qolgan ikkitasi xorijiy ishlab chiqaruvchilarga tegishlidir. Bular qatorida Namangan viloyatining Chortoq tumanida hudud nomi bilan kelib chiquvchi mineral suvlar ishlab chiqarilayotgani qayd etildi.

Tovar kelib chiqqan joy nomlariga bo‘lgan qatiy talablar o‘rnatilmaganligi tufayli mamlakatda mintaqaviy brendlar rivojlanmasdan qolmoqda. Senatorlar tomonidan muhokama qilingan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi Qonunda ilk marotaba “geografik ko‘rsatkich” tushunchasi aks ettirilgan.

Mazkur Qonun o‘zining noyob mahsuloti uchun belgini ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlovchi ishlab chiqaruvchilar soni ko‘payishiga, eng asosiysi mintaqaviy brendlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Senator muloqotda, Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qabul qilingan qarorga to‘xtaldi.

Internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma’lumotlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar aholini tashvishga solmoqda. Birgina, 2021 yilning dekabr holatiga ko‘ra, milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda pornografiya, 91 ta veb-saytda esa behayolik va ma’naviy buzuqlikka targ‘ib qiluvchi holatlar aniqlangan bo‘lib, 2 ming 97 ta qonunbuzilishi holati qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ma’naviy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudligi aniqlangan, ularda foto, video, matn kabi 2 ming 646 ta material tarqatilgan.

Bundan tashqari, madaniyat sohasida kechayotgan voqealar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, badiiy film, reklama, jumladan, ko‘chalardagi bannerlar, musiqa va kliplarda faqat pul, boylik hamda ma’naviyatsizlik targ‘iboti mavjud. Ayrim hollarda mutlaqo milliy ma’naviyatimizga zid ko‘rinishlar, sahnalar namoyish etilmoqda.

– Bugun farzandlarimizni uyali telefonlar, internet va ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha ruju qo‘yishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, – dedi senator Mahmudjon Parpiyev. – Shunday ekan, biz bolalarimizni yot g‘oyatlarga tashlab qo‘ymasligimiz lozim. O‘z ona tilimiz, milliy mentalitetimiz va madaniyatimiz bor. Shunday ekan, bu dolzarb masalaga aslo befarq va tomoshabin bo‘lmasligimiz kerak.

Muloqot yakunida mahalliy Kengashlar kotibiyat mudirlari hamda deputatlar tomonidan bir qator masalalar o‘rtaga tashlanib, ular tegishli ravishda hal etish uchun senator tomonidan nazoratga olinishi aytib o‘tildi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA