Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat qo‘mitalarida qanday masalalar ko‘rib chiqildi?
10:46 / 2025-04-17

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini to‘laqonli himoya qilish uchun O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shildi. Uni amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi qabul qilindi.

Shu asosda ijtimoiy xizmatlar va tibbiy yordamlar ko‘lami kengaydi. Inklyuziv ta’lim, qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish yo‘nalishlarida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining qo‘shma majlisida shu haqda gap bordi. 

Ushbu sohada qonunchilik hujjatlari ijrosi Farg‘ona viloyatida o‘rganilganida qator ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘lgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhitni yaratish maqsadida o‘tgan yilda 9 ta tibbiyot muassasasidagi liftlar yangisiga almashtirildi, 41 ta tibbiyot muassasasidagi panduslar ta’mirlandi, 40 ta jamoat transporti vositasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga mos ravishda jihozlandi.

Ushbu sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mavjud muammolarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, viloyatda inklyuziv ta’lim tashkil etilgan 71 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 12 tasi maxsus pedagog-o‘qituvchilar bilan ta’minlanmagan bo‘lsa, 19 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida tashkil etilgan inklyuziv guruhlarga nogironligi bo‘lgan tarbiyalanuvchilar yetarlicha qamrab olinmagan.

2023 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvotalangan 2 ming 525 ish o‘rnidan 1 ming 797 tasiga, 2024 yilda kvotalangan 2 ming 632 ta ish o‘rnidan 2 ming 15 tasiga nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashtirilmagan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvotalangan ish o‘rinlari yaratilmagan holatlar ham uchragan. Bu turdagi huquqbuzarliklar uchun 2023 yilda 46 tashkilot rahbariga nisbatan, 2024 yilda 8  tashkilot rahbariga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Tibbiyot birlashmalaridagi liftlarning ta’mirtalab holati, umumta’lim va oliy ta’lim muassasalaridagi panduslarning standart talablarga javob bermasligi, piyodalar yo‘laklarida nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatini cheklovchi to‘siqlarning mavjudligi tanqid qilindi.

Yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi va tegishli tavsiyalar berildi.

***

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida  “O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024 yil 23 avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Mazkur Shartnoma O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari tomonidan 2024 yil 23 avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan  davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida imzolangan.

Shartnoma ikki davlat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnomaviy-huquqiy jihatdan mustahkamlashni nazarda tutadi.

Hujjatda tomonlarning bir-birlariga qarshi qaratilgan hech qanday bloklar yoki ittifoqlarda qatnashmaslik hamda tomonlardan birining fikri bo‘yicha ikki davlatning strategik sherikligi va ittifoqchilik munosabatlariga zarar yetkazadigan har qanday harakatda ishtirok etishdan o‘zini tiyib turish kabi majburiyatlari belgilanmoqda.

Majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA