Oliy Majlis Senati tomonidan mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardorligini kuchaytirish hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tizimli ravishda seminar va amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashi doimiy komissiyalari rahbarlari Senat qo‘mitalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shu kunlarda xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi kotibiyati xodimlari ham Senat huzuridagi Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazida amaliyot o‘tamoqda.
Mazkur amaliyot doirasida Senat qo‘mitalari va Markaz faoliyati bilan tanishib, mahalliy kengashlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mahalliy vakillik organlarining ishtiroki va tashabbuskorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonida mahalliy kengashlar deputatlarining faol ishtirokini ta’minlash, ularning fikr-mulohazalarini inobatga olish, qabul qilinayotgan qonunlarda hududiy xususiyat va ehtiyojlarni aks ettirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirilmoqda.
Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi o‘rinbosari, senator Gulnora Marufova bilan uchrashuv ham o‘tkazildi.
Unda mahalliy kengashlar va doimiy komissiyalar faoliyatini yanada takomillashtirish, Senat qo‘mitalari hamda mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
N.Abduraimova,
O‘zA