Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: Qo‘mita faoliyati sarhisob qilindi
17:20 / 2025-12-29

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2025 yilda amalga oshirgan ishlari yakunlari va kelgusi yildagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda 2025 yilda qonunchilikni takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Qo‘mita tomonidan Senat yalpi majlislari kun tartibiga kiritilgan 21 qonun ma’qullangan. Bitta qonun qo‘mita xulosasi asosida rad etilgan. Qonunlar asosan fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, davlat boshqaruvi va ijro qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan.

Qo‘mita tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida uchta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 46 tadbir o‘tkazilgan.  Senat yalpi majlislarida vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitilib, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, sud hujjatlarining ijrosi hamda talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari yuzasidan parlament va senatorlik so‘rovlari yuborilgan. 

Xalq bilan muloqot va murojaatlar bilan ishlash qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda 3 mingga yaqin  murojaat ko‘rib chiqilib, ularning salmoqli qismi ijobiy hal etildi. Senatorlarning sayyor qabullari va Senat binosida o‘tkazilgan qabullar davomida fuqarolarning qator ijtimoiy ahamiyatga ega muammolari hal etilgan. 

Mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda doimiy komissiyalar a’zolari uchun seminar va o‘quv tadbirlari tashkil etilgani, xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy parlamentlar va xalqaro tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani qayd etildi.

Majlisda qo‘mitaning 2026 yildagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA