Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: ovqatdan zaharlanish holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi
13:48 / 2026-02-05

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Biroq amaldagi qonunchilik hujjatlarida tadbirkorlik sub’ektlarining doimiy ravishda xavfsiz oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish majburiyati va mas’uliyati belgilanmagan.

Bu Senat yalpi majlisida “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.  

Senat qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlash tizimi xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligini ta’kidladi. Oqibatda oziq-ovqat mahsuloti iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar, ovqatdan zaharlanish holatlari kuzatilmoqda.  

Bu esa, o‘z navbatida, sohada nazoratni kuchaytirish hamda mahsulot xavfsizligining umumiy tamoyillarini xalqaro talablardan kelib chiqqan holda belgilashga yo‘naltirilgan qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Qonun bilan oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlarining sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi bo‘yicha idoralararo kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga doir sanitariya choralari, qoida va normalarni ishlab chiqish hamda qo‘llash tartibi sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bitimi talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga, sohada davlat nazoratini kuchaytirishga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini hamda oziq-ovqat sohasining investitsiyaviy jozibadorligini va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

F.Abdurasulov (surat), O‘zA