SENAT: Odam savdosiga qarshi kurashishga doir qonunda qanday yangiliklar bor?
Senatorlar yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qizgʻin muhokama qildi.
Senatorlar yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qizgʻin muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati bugungi kunda odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam berish masalalariga doir aniq qoidalar tartibga solinmaganligi hamda voyaga yetmaganlarning savdosiga qarshi kurashishni oʻziga xos xususiyatlari, jumladan, identifikatsiya qilish, yordam berish va himoya qilishning huquqiy maqomi belgilamagani bilan izohlanadi.
Yangi tahrirdagi qonunda ana shu jihatlar alohida eʼtiborga olingan. Jumladan, sohaga oid asosiy tushuncha va tamoyillar, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari, Milliy komissiya, hududiy komissiyalar va Milliy maʼruzachiga oid meʼyorlar aniq belgilangan.
Maʼlumki, hozirgi kunda respublikamizda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat koʻrsatsa, ularning 100 ga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida ish olib bormoqda. Qonunda mazkur yoʻnalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga koʻmaklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari ham belgilanib, ularning vakolat va vazifalari aniq ochib berilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi qonundan farqli oʻlaroq, yangi tahrirdagi qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini taʼminlash tartibi, jabrlanganlar haqidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash tartibi, ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari va boshqa kafolatlari yoritilmoqda.
Bundan tashqari, milliy konunchiligimizda ilgari boʻlmagan odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish va ularni qayta yoʻnaltirish tushunchalari alohida bobda belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi.
Yalpi majlisda senat aʼzolari mazkur qonunni maʼqulladi.