Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: murojaatlarning aksariyatini sud-huquq, uy-joy bilan bog‘liq masalalar tashkil etdi
15:52 / 2024-01-09

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik masalasi yuzasidan amaldagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik masalasi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat tuzilgan ishchi guruh bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi.

Salkam bir yil davom etgan o‘rganish va muhokamalardan keyin qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun 2023 yil 12 aprelda kuchga kirdi.  

Bu mazkur qo‘mitaning 2023 yildagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan majlisda qayd etildi.Qo‘mita mas’ulligida ushbu amaliyotni davom ettirgan holda joriy yilda ham ikkita dolzarb masala o‘rganilayotgani ta’kidlandi.  

2023 yilda asosiy e’tibor qonunchilikni takomillashtirish bilan bir qatorda aholini qiynab kelayotgan masalalarni ijobiy hal qilish va ularga amaliy ko‘mak berish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, qolaversa, joylarda sayyor qabullar tashkil etishga qaratildi.  

Nazorat-tahlil faoliyati hamda parlament nazorati doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish, qonunlar va davlat dasturlarining ijrosi o‘rganildi.  

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining sud hujjatlari ijrosiga doir faoliyati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida qo‘mita majlisida muhokama qilindi va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiya hamda takliflar aks etgan qaror qabul qilindi.  

Shu bilan birga, bevosita qo‘mita nazoratida Ichki ishlar vazirligiga 122 nafar, Milliy gvardiyaga 18 nafar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 17 nafar, Soliq qo‘mitasiga 15 nafar, Sog‘liqni saqlash vazirligiga esa 4 nafar xodim sud qaroriga muvofiq ishga tiklanishiga erishildi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining 2022 yildagi faoliyati o‘rganilib, reyting baholash o‘tkazildi va natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.  

Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 yanvardagi “2022 – 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan prokuror nazorati holati Toshkent viloyati misolida o‘rganildi.  

O‘rganish yakunlari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi va parlament nazorati tashkil etildi.  

Qo‘mita tomonidan qariyb 65 davlat organi va tashkilotlarining aholining murojaatlari bilan ishlash holati o‘rganilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarni nazarda tutuvchi qo‘mita qarori qabul qilindi.  

Qo‘mita o‘z faoliyati davomida aholi murojaatlari,  hududlarda fuqarolar manfaatlari bilan bog‘liq masalalar, ijtimoiy sohadagi muammolarga alohida e’tibor qaratdi.  

Murojaatlarning aksariyati fuqarolar o‘rtasidagi nizoli holatlar, sud qarorlarining bajarilmasligi, sud qarorlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan norozilik hamda uy-joy va boshqa masalalar hisoblanadi.  

Qo‘mita tomonidan qat’iy nazorat olib borilgani natijasida Majburiy ijro byurosi tomonidan 100 dan ortiq murojaatlar bo‘yicha aliment pullarini undirib berishga erishildi.  

N.Abduraimova, O‘zA