Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SENAT MAJLISI: Samarqand viloyatidagi muammolarga qanday yechim bor?
17:30 / 2020-06-19

Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi.


Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi.

Viloyatda 2019-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 37 trillion 594 milliard soʻmni tashkil etgan. 45 ming yangi ish oʻrni yaratilgan, qariyb 48 ming kichik biznes subyekti bor. Oʻtgan yili viloyatga 560 mingdan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.

Majlisda viloyatni rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ayrim muammo va kamchiliklar haqida aytildi.

2019-yilda viloyatdagi madaniyat markazlarida bajarilishi lozim boʻlgan qurilish ishlari toʻliq amalga oshirilmagan. Masalan, Bulungʻur va Pastdargʻom tumanlaridagi madaniyat markazlarida qurilish ishlari yakunlanmagan boʻlsa, Kattaqoʻrgʻon va Jomboy tumanlarida bu boradagi ishlar boshlanmagan.

Viloyatga biriktirilgan Xitoy, Turkiya, Gretsiya, Ispaniyadagi elchixonalarimiz tomonidan taklif etilgan qiymati 1 trillion 540 milliard soʻmlik 10 loyihaning amalga oshirish muddati kechikmoqda. Qiymati 2 trillion 385 milliard soʻmlik 16 loyiha boʻyicha ishlar toʻxtab turibdi.

Umumtaʼlim maktablarini sport anjomlari bilan muntazam taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyilmagani bois viloyatdagi aksar maktablarga oxirgi marta 2016-2017-yillarda sport jihozlari yetkazib berilgan. Viloyatdagi maktablarda faoliyat olib borayotgan 2 ming 164 psixologning 1 ming 340 nafari, yaʼni 62 foizi ixtisoslikka ega emas.

Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy (suyultirilgan) gaz bilan toʻliq va uzluksiz taʼminlash borasida ham muammolar mavjud. Xususan, elektr tarmoqlarining ayrim qismlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Gaz quvurlarini mukammal taʼmirlash boʻyicha 2019-yilga belgilangan reja bajarilmagan. Viloyatning ichki yoʻllari taʼmirtalab ahvolda.

Qanday chora koʻriladi?

Majlisda viloyatda yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Ularning ijrosi ustidan senatorlik nazoratini yoʻlga qoʻyish belgilandi.