Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: ko‘llar tizimiga tashqi manbalardan 630 million metr kub suv tashlanishiga erishildi
11:29 / 2024-01-13

Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ekologiya sohasiga oid o‘tgan yilda 30 ta normativ-huquqiy hujjat tayyorlandi. Shu jumladan, 4 qonun, 3 xalqaro konvensiya, 14 qaror va 2 farmon ijrosi o‘rganilib, ma’lumotlar ustida ishlandi.

Senatning yalpi majlislariga 6 qonun kiritilib, ma’qullandi. Investitsiya dasturlari ijrosi yuzasidan qonun hujjatlarining joylardagi ijrosini o‘rganish maqsadida 24  nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazilgan.

Bu Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining 2023 yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida qayd etildi.

Qonunchilik va parlament nazorati faoliyati doirasida qo‘mitaning majlislarida 86 masala muhokama etilgan.

Senat yalpi majlislariga 17 masala tayyorlangan. Qo‘mita a’zolari tomonidan 112 senator so‘rovi yuborilib, 92 masala hal etilgan hamda 20 masala nazoratga olingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator farmon va qarorlarning ijro etilishi hamda hududdagi tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan soliq va boshqa imtiyozlar qo‘llanilishi monitoringi olib borilgan.

Chiqindilarni qayta ishlash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atmosfera havosining ifloslanishi va daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati, dorivor o‘simliklarni tabiiy muhitdan terib olishga kvota ajratish va uning shartlariga rioya qilinishi tahlil qilingan.

Kelib tushgan 322 yozma murojaatning 250 tasi ijobiy hal qilindi, qolganlari nazoratga olindi. Saylovchilar bilan bevosita 2 ming 226 uchrashuv o‘tkazildi.

Jumladan, Andijon tumani Xakan, G‘ishtxona va Qum ko‘cha mahallalari aholisidan ohak sexlaridan chiqayotgan achchiq tutunlar insonlar salomatligiga jiddiy ta’sir qilayotgani yuzasidan murojaat bo‘yicha xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi bilan hamkorlikda o‘rganishlar o‘tkazilib, masala ijobiy hal etilgan.

Shahrisabz tumani Sarchashma qishlog‘i aholisini suv bilan ta’minlash maqsadida qurilayotgan kanal muddatidan kechikayotganligi to‘g‘risidagi senator so‘rovi ijrosi nazoratga olindi va yil yakunlari holatiga loyiha ishlari 85 foizga yakunlangan.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ekologik suv sathining keskin tushib ketishining oldini olish, suvning mineralizatsiyasini yaxshilash, baliqchilikni rivojlantirish maqsadida “Sardoba” kollektorida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ko‘llar tizimiga tashqi manbalardan 630 million metr kub suv tashlanishiga erishildi.

Qo‘mita ilmiy yondashuvga alohida e’tibor qaratib, uning a’zolari va ekspertlari tomonidan 7 ta ilmiy-uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi hamda ilmiy ishlanmalarga mualliflik patentlari olindi.

Qo‘mita tashabbusi bilan “Orolga madad”  aksiyasi, “Orol” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda Qonliko‘l va Kegeyli tumanlaridagi ikkita maktabga suv tozalash uskunalari o‘rnatib berildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida Ekoharakat va boshqa hamkorlar bilan o‘tkazilgan xayriya aksiyasi doirasida Andijon, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga 300 tonna yuqori sifatli ko‘mir beg‘araz tarqatildi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA