Senat kengashida Sudyalar oliy kengashi raisi saylandi
Oliy Majlis Senati kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisini saylash masalasi ko‘rib chiqildi.
Senat kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Xolmo‘min Yodgorovni Sudyalar oliy kengashi raisi lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda o‘tgan besh yil davomida Sudyalar oliy kengashi tomonidan mamlakatimizda sud hokimiyatining nufuzi va samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu islohotlar tizim faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga, odamlarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Senatorlar muhokama etilgan masala yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA