Oliy Majlis Senati kengashi majlisida reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish masalasi muhokama qilindi. Unda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda sog‘liqni saqlash faqat soha xodimlarining emas, balki umumiy ish ekaniga urg‘u berildi. Chunki aholining salomatligi eng muhimi. Ayniqsa, millat genofondini mustahkamlash uchun qizlarimizni turmushga tayyorlash, ayollar sog‘lig‘ini muhofaza etish zarur. Buning uchun joylarda zaruriy sharoitlar yaratilishi, qayerda muammo bor, qayerda qanday ishlar amalga oshirish kerakligi aniqlashtirilib, manzilli ishlar olib borilishi kerak. Kamchiliklar aniqlanganda, uni faqat tanqid qilish emas, amaliy takliflar bildirish va amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Majlisda onalik va bolalikning muhofazasi, reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati, sohadagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish borasidagi takliflar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ayollar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha respublikaning barcha hududlarida 17,5 million nafardan ortiq ayollardan 9,1 million nafar tug‘ish yoshidagi ayollarga 227 ta tug‘ruq muassasalari, 11,3 million nafardan ziyod 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa (umumiy aholi sonining 32,0 foizi) 238 bolalar davolash-profilaktika muassasalari xizmat ko‘rsatmoqda.
Tug‘ish yoshidagi ayollarni tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan reja-jadval asosida 2022 yilning 8 oyi davomida 9,1 million nafar tug‘ish yoshidagi ayollarning 6,7 million nafari (74,1 foizi) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ulardan 42,9 foizida ekstragenital kasalliklar aniqlangan, 75,9 foizi sog‘lomlashtirilgan. Jumladan, 90,4 foizi ambulator va 9,3 foizi statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilgan.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda Senatning birlamchi o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklariga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, 2021 yilda go‘daklar o‘limi 7 ming 214 tani tashkil etgan bo‘lib, 2020 yilga nisbatan 160 taga oshgan.
Bundan tashqari, hududlarda 2018-2022 yillarda bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha qator kamchiliklar mavjud ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, homilador, tug‘uvchi, tuqqan ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublikadagi tug‘ruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va zarur dori vositalari bilan ta’minlash masalasi to‘liq bajarilmagan.
Majlis davomida soha mutaxassislarining ushbu yo‘nalishda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflari eshitildi.
Bildirilgan fikrlardan so‘ng bu borada chuqur, tizimli, kerak bo‘lsa, tanqidiy o‘rganish va tahlil zarurligidan kelib chiqib, Senati kengashining Onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni saqlash uchun profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish holatini o‘rganish bo‘yicha
Ishchi guruh tuzish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi boshchiligidagi mazkur ishchi guruh tarkibiga Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirlik, idora va muassasalar vakillari kiritildi.
Ishchi guruh bir oy muddatda mazkur yo‘nalishda hududlardagi haqiqiy holat bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazib, 1 noyabrga qadar Senat kengashiga aniq takliflar kiritishi belgilandi.
Muhokamalar yakunida tug‘ruq muassasalarida onalar va go‘daklar o‘limini kamaytirish, tug‘ruq yoshidagi ayollar tibbiy ko‘rigini sifatli tashkil etish, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA