English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat ishchi guruhi xizmatlar sohasida ko‘plab kamchiliklarni aniqladi
14:16 / 2022-07-21

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari muhokama qilindi.

Senatda tuzilgan ishchi guruh tomonidan joriy yil may-iyun oylarida Buxoro, Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirilgan ishlar o‘rganilganda xizmatlar sohasida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. 

Xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali kelgusida kafolatli ish o‘rinlarini yaratish bilan bog‘liq ayrim tadbirlarning ijrosi muddatidan kechiktirilgan. Xizmatlar sohasida yaratilgan ish o‘rinlarining asosiy qismi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida ish o‘rinlarini yaratilishi Namangan viloyatida 7 foizni, Jizzax viloyatida 12 foizni va Buxoro viloyatida 21 foizni tashkil etadi, xolos. 

Xizmatlar sohasida yaratilgan yangi ish o‘rinlari bir vaqtning o‘zida boshqa soha va yo‘nalishlarda ham aks ettirilishi sababli hisobotlarda hududda yaratilgan jami ish o‘rni soni sun’iy ravishda ortgan. 

Jumladan, Buxoro viloyatida xizmatlar sohasida o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishida yaratilgani qayd etilgan 22,4 mingta ish o‘rnidan 15,5 mingtasi qishloq xo‘jaligida, 3 mingtasi turizm va madaniyat sohasida takrorlangan. 

Xizmatlar sohasi bo‘yicha yuridik shaxslar yaratgan ish o‘rinlari korxona va tashkilotlar tomonidan soliq hisobotida aks ettirilmagan. Bu Farg‘ona viloyatida 837 ta va Namangan viloyatida 2,3 mingtani tashkil etgan. 

Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash rejasi Buxoroning Qorovulbozor va Buxoro, Jizzaxning Paxtakor va Forish, Namanganning Uchqo‘rg‘on va Norin, Farg‘onaning Yozyovon va Furqat tumanlarida bajarilmagan. 

Joriy yilda yangi tashkil etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlarining Yangiobod tumanida 45 foizi, Zarbdor tumanida 25 foizi, Kogon shahrida 30 foizi, Buxoro shahrida 23 foizi, Mingbuloq tumanida 24 foizi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. 

[gallery-7986]

N.Abduraimova, O‘zA