Senatda “Hududlarda xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va yaratilgan imtiyozlarni tatbiq etishda muammolar va ustuvor vazifalar” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbir Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Hududlarda investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy investorlar va eksportchilar bilan o‘zaro hamkorlik qilishda mahalliy Kengashlar deputatlarining o‘rni yuzasidan milliy amaliyot va xorijiy tajriba atroflicha ko‘rib chiqildi.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonini monitoring qilish, jumladan, deputatlarning tegishli hokim o‘rinbosarlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish orqali kompleks tizimni yaratish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, yirik investorlar bilan manzilli ishlash, investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi alohida qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan samarali foydalanish va ularni o‘z vaqtida o‘zlashtirish, ushbu mablag‘larni ustuvor ravishda ijtimoiy, infratuzilma hamda suv xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA