Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida adolatli sud tizimi rivojlantiriladi
09:35 / 2025-11-28

Oliy Majlis Senatida sud hokimiyatining ochiqligi va chinakam mustaqilligini targ‘ib qilish maqsadida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.

Unda Prezidentimizning 2025 yil 24 noyabrda qabul qilingan “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida fikr almashildi.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan odil sudlovni ta’minlashga bevosita bog‘liqligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan keyingi yillarda sud-huquq sohasining tashkiliy-huquqiy asoslarini butkul yangilash, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, tanlash va tayinlash, umuman, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sohaga oid 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, sud tizimi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar islohotlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqildi.

Tashkiliy jihatdan ham sud faoliyatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sudyalarning ixtisoslashuviga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Sud organlari faoliyatida fuqarolar uchun soddalashtirilgan va qulay tartib-taomillar joriy etilmoqda. Sud tizimida “yagona darcha” prinsipi joriy etilib, ariza taalluqliligiga ko‘ra tegishli sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazilishi belgilandi.

Sud ishlarini ko‘rishda tezkorlikni ta’minlash va protsessual muddatlarni tejash maqsadida sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, sud tizimi oldida yana qator yangi vazifalar turgani alohida qayd etildi. Sudyalar hamjamiyati organlarining rolini oshirish, ochiq va shaffof mexanizmlar asosida sudlarni malakali kadrlar bilan to‘ldirish, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash va boshqa yana bir qator masalalar Prezidentning yuqorida nomi tilga olingan farmonida nazarda tutilganiga e’tibor qaratildi.

Tadbirda sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash yuzasidan fikrlar bildirildi. “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida adolatli sud tizimini rivojlantirishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA