Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Muhokama mobaynida inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda Ombudsman institutining o‘rni va ahamiyati izchil ortib borayotgani qayd etildi. Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni, ko‘rib chiqilgan masalalar ko‘lami va ular bo‘yicha erishgan natijalar shundan darak berib turibdi. Bu esa, Ombudsman instituti aholi uchun haqiqiy va ta’sirchan himoya mexanizmiga aylanib borayotganini ko‘rsatmoqda.

2025-yilda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qator ishlar bajarilgan. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va manfaatlarini himoya qilish va tiklash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.
O‘tgan yilda Ombudsmanga iqtisodiy huquq va erkinliklar bo‘yicha 7 ming 584 murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyat qismi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlar asosida 2025-yilda yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan kompensatsiya tariqasida to‘lanishi lozim bo‘lgan 3,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolarning foydasiga undirishga yordam ko‘rsatilgan. Ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq murojaatlar yuzasidan fuqarolarga 2,3 milliard so‘m miqdorida pul mablag‘lari undirib berilishiga ko‘maklashilgan.
Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA