Oliy Majlis Senatining qirq oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilayotgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.
Yalpi majlisning bugungi ish kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilish bilan boshlandi.
Qonun bilan iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik, o‘tkazganlik, ishlar bajarganlik yoki xizmatlar ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, sanitariya to‘g‘risidagi qonunchilikni va veterinariya qoidalarini buzganlik, o‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, hayvonlarning yuqumli kasalliklari o‘choqlari aniqlanganda, karantin qoidalarini, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning xavfsizligi normalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, shaxsning muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanishi uchun sudning taqiqi mavjud bo‘lganda litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berishni rad etish uchun asoslar kengaytirilmoqda.
Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish yoki xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar)ni sud tomonidan tugatish uchun asos bo‘ladigan bir martalik qo‘pol qoidabuzarlik aniqlashtirilmoqda.
Qolaversa, vakolatli organlarga litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishiga oid tekshiruvlarni Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazish huquqi berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilish maqsadida Fuqarolik kodeksiga geografik ko‘rsatkichlar ham intellektual mulk ob’ektlari hisoblanishi to‘g‘risidagi norma qo‘shilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun fuqarolar sog‘ligini saqlash, ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini, iste’molchilarning huquqlarini hamda intellektual mulkni ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA