Senat yalpi majlisida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi hamda Strategiyani 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala muhokamasi jarayonida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani qayd etildi.
Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i 27 foizga yetdi. Byudjet mablag‘larini rejalashtirish jarayonida gender yondashuvni joriy etishga qaratilgan genderga doir indikatorlar ishlab chiqildi. Bu byudjet dasturlari loyihalarini tayyorlash va shakllantirishda foydalanish uchun barcha vazirlik va idoralarga taqdim etildi.

Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyati yangi tahrirda qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Mazkur uslubiyat asosida Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida genderga oid audit o‘tkazildi.
Agrar sohada 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan Gender tenglik strategiyasi ishlab chiqildi va ijroga qaratildi.

“Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining to‘rtta mavsumi yakunlanib, 244 nafar xotin-qiz qamrab olindi. Ularning 60 nafari yuqori lavozimlarga tayinlandi.
Sudyalar oliy maktabiga 2025/2026 o‘quv yili uchun xotin-qizlarga 12 qo‘shimcha kvota ajratilgan. 164 nafar tinglovchining 38 nafari yoki 23 foizini xotin-qizlar tashkil etgan.
2025 yilda xotin-qizlarning 12,4 milliard so‘mlik 21 startap loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatda “ayol siyosatchi” obrazi to‘g‘risida ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan yuzdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, 27 ming nafardan ziyod fuqaro qamrab olindi.

O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etildi.
Parlamentlararo ittifoqning Jenevada 2025 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan 151-sessiyasida O‘zbekiston parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar faolligi bo‘yicha dunyoda 15-o‘rinni egallagani qayd etildi.
Jahon bankining bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy va siyosiy huquqlarini kengaytirishda eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlat qatoriga kiritilgan.
Ochiq gender ma’lumotlari (Open Data) indeksida esa O‘zbekiston eng yaxshi 20 mamlakat ro‘yxatidan joy oldi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida mamlakatimiz 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi.
Majlisda ayrim maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish kechikayotgani tanqidiy ruhda muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish, mehnatga haq to‘lashda tafovutni kamaytirish, xotin-qizlarni yuqori daromadli moliya, IT sektorlariga keng jalb qilish, davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibida xotin-qizlar ulushini oshirish zarurligi qayd etildi. Gender tenglikni ta’minlash masalasida shakllangan turli stereotiplarning oldini olish va tegishli me’yorlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish qamrovini kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Senatorlarning fikricha, ushbu dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi. Undagi vazifalar, tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi lozim.
Muhokama yakunida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA