Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: gender tenglikka erishish bo‘yicha maqsadli vazifalar belgilandi
17:22 / 2025-03-18

Senatning beshinchi yalpi majlisida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan vaqt davomida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 14 normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Davlat boshqaruv akademiyasi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari doirasida 827 nafar xotin-qiz o‘qitildi.

Avstriya, Chexiya, Latviya, Turkiya, Koreya, Xitoy va Yaponiyada 30 dan ortiq rahbar ayollarning turli yo‘nalishda malakasi oshirildi.
Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “Siyosatchi ayol”, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovlari, “Deputat va yoshlar”, “Siyosatga marhamat”, “Liderlar onlayn maktabi”, “Men muvaffaqiyatli ayolman”, “Men lider ayolman”, “Men deputat bo‘laman” mavzularida siyosiy partiyalar tomonidan tadbirlar o‘tkazildi.

2024 yilda o‘tkazilgan saylovlar natijasida xotin-qizlar ulushi Senatda qariyb 27 foizga, Qonunchilik palatasida 38 foizga, mahalliy kengashlarda 32,5 foizga yetdi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalar kvotasi doirasida bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishiga xotin-qizlar uchun 30 tadan qo‘shimcha o‘rin ajratildi. Shuning hisobidan 148 nafar xotin-qiz xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun Jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

Bu borada olib borayotgan tizimli chora-tadbirlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e’tirof etildi. Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 mamlakat qatorida qayd etildi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida (GEGI) O‘zbekiston 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, yalpi majlisda maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi muddati ortda qolgani tanqidiy muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.

Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish, mehnatga haq to‘lashda tafovutni kamaytirish, xotin-qizlarni yuqori daromadli moliya, axborot-texnologiyalar sohasiga keng jalb qilish, davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibida xotin-qizlar ulushini oshirish, gender tenglikni ta’minlashga oid turli stereotiplarning oldini olish va unga oid me’yorlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish qamrovini kengaytirish zarurligi aytib o‘tildi.

Yalpi majlisda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Mazkur dasturda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish borasida xalqaro standartlarni joriy qilish, davlat xizmatidagi xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy salohiyatini oshirish, tabiiy fanlar, texnologiyalar, texnik ijodkorlik, matematika yo‘nalishlarida o‘qishni istagan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ilmiy va startap g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish kabi masalalar o‘rin oldi.

Senatorlar dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga ko‘maklashishga xizmat qilishini ta’kidlab, unda belgilangan vazifalar, tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish muhimligi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA